Markaziy bank bir oyda 13 ta bankni jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning may oyida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda 37 ta masala bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 18 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shundan 3 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni, 4 tasi yangi mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish va chiqarish, yana 4 tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda 7 tasi banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish borasida bo‘ldi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari ham muhokama qilindi.
O‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 13 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Bank nazorati qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida 17 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi, yana 13 ta bank esa jarimaga tortilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 17 ta bankka ustav kapitali talablariga amal qilinmagan va bank boshqaruvi tomonidan muammoli kreditlarni undirish va ular qoldig‘ini kamaytirish bo‘yicha hududlarda ishlab chiqilgan reja-grafiklar ijrosi ta’minlanmagan taqdirda chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.
Avvalroq Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyotga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgani haqida xabar berilgandi.