O‘zbekiston va Rossiya mamlakatda atom elektr stansiyasini qurishning iqtisodiy parametrlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda 19-iyun kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF-2025) davomida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak ma’lum qildi.
“Bugun [AES qurilishi] ning aniq iqtisodiy parametrlari muhokama qilinmoqda. Bu 1000 MVt quvvatga ega ikkita [katta] energoblok va 55 MVt quvvatga ega ikkita [kichik] blok bo‘ladi. Birinchi marta O‘zbekistonda kichik quvvatli atom stansiyasini amalga oshiramiz”, — dedi u.
Rossiya hukumati raisi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kichik stansiyalar loyihalarini faqat suzuvchi ko‘rinishida amalga oshirgan, O‘zbekistondagi kichik AES esa quruqlikda quriladigan “referent” (birinchisi)loyiha bo‘ladi. O‘zbekistonda kichik AESning birinchi blokini ishga tushirish 2029-yil oxirigacha rejalashtirilgan, Yakutiyada esa shunga o‘xshash loyihani yakunlash 2028-yildan 2030-yilga ko‘chirildi.
Aleksandr Novak bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevga yuzlanib, O‘zbekiston atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun hamkor sifatida Rossiyani tanlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
2024-yil may oyida O‘zatom va Rosatom umumiy elektr quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita reaktordan iborat kichik atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Shunday qilib, O‘zbekiston va Rossiya kichik AES loyihasini qayta ko‘rib chiqib, uning quvvatini uch baravarga — 330 MVt dan 110 MVt gacha kamaytirdi.
Aleksandr Novak. Foto: Dmitriy Orlov / Roskongress
O‘tgan hafta oxirida Rossiya OAV Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga tayanib, mamlakatning Rosatom davlat korporatsiyasi bosh pudratchisi bo‘lgan O‘zbekistonda AESni qurish loyihasi qayta formatlangani haqida yozdi. Endi gap ham kichik, ham katta AES qurilishi haqida ketmoqda.
“O‘tgan yili kichik quvvatli atom stansiyasi qurilishiga start berildi, bu yil esa davlat rahbarlari loyihani qayta formatlash va katta quvvatli ikki blokli stansiya va kichik quvvatli ikki blokli stansiya qurish bo‘yicha kelishuvga erishdilar”, — deyiladi Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi xabarida.
Spot O‘zatom va Rosatom matbuot xizmatlariga murojaat qildi, biroq javob ololmadi. O‘zbekiston tomoni Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ham, bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning so‘zlariga ham rasman izoh bermadi.
Katta AES
2024-yil oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov atom elektr stansiyasi qurilishi kichik quvvatli reaktorlardan boshlanishini, biroq O‘zbekistonga “baribir yirik reaktor kerakligi”, bu 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40% ga yetkazish rejalari bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.
O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Alter Ego YouTube kanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonga elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplash uchun katta quvvatli to‘rtta AES kerak, degan fikrga qo‘shildi. “Biz har yili ko‘rayotgan tendensiyalar va iste’mol hajmini hisobga olgan holda, ha, bularning barchasi uchun katta AES qurish zarur”, — degandi u.
Joriy yilning mart oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda katta quvvatli AES qurish istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralar doirasida obyektni joylashtirish variantlari ko‘rib chiqildi, milliy energetika infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan loyihaning texnik va strategik parametrlari tahlil qilindi.
Shu oyda prezident yirik atom elektr stansiyasini joylashtirishning texnik-iqtisodiy jihatlari va uni qurish rejalarini ko‘rib chiqdi.
28-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev INNOPROM. Markaziy Osiyo xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tinch atom sohasidagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
“Agar emas, balki qachonki O‘zbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytganida, bizda allaqachon takliflar tayyor bo‘ladi — nafaqat ushbu bo‘lajak obyektlarning ko‘rinishi bo‘yicha, balki O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahalliylashtirish bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalar bo‘yicha ham, katta hajmdagi ishlar bo‘yicha ham”, — dedi Lixachev.
Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.