Tadqiqotchilar Apple va Google kabi kompaniyalarning yirik miqdordagi hisob ma’lumotlari internetga tarqalganini tasdiqladilar, deya xabar berdi Forbes nashri.

Qayd etilishicha, tizimga kirish uchun deyarli aql bovar qilmaydigan 16 mlrd hisob ma’lumotlari, shu jumladan parollar oshkor bo‘lgan.

Yil boshidan buyon davom etayotgan tergov doirasida tadqiqotchilar parollarning ommaviy tarqalishi bir nechta ma’lumot o‘g‘rilarining ishi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Cybernews’dan Vilyus Petkauskasning aytishicha, ularning tadqiqotchilari yil boshidan beri ma’lumotlar sizib chiqishini tekshirib kelmoqda. Ular “har biri 10 mlndan 3,5 mlrdgacha yozuvni o‘z ichiga olgan 30 ta oshkor etilgan ma’lumotlar to‘plami"ni aniqlaganlar.

Umuman olganda, Petkauskas tasdiqlashicha, xavf ostida qolgan yozuvlar soni 16 mlrdga yetgan. Bu login ma’lumotlari to‘plamlari, xavf ostida qolgan parollar bilan to‘ldirilgan ma’lumotlar bazalari tarixdagi shu turdagi eng yirik ma’lumotlar sizib chiqishi hisoblanadi.

Bir qator ulkan ma’lumotlar to‘plamlariga joylashtirilgan ma’lumot sizib chiqishi ijtimoiy tarmoqlar, VPN, dasturchilar portallari va barcha yirik provayderlarga tegishli foydalanuvchi hisoblaridan milliardlab kirish ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi.

Qayd etilishicha, bu ma’lumotlar to‘plamlarining birortasi ham ilgari oshkor bo‘lmagani, bularning barchasi yangi ekanligini aytilmoqda.

Ushbu ma’lumotlarning asosiy qismi URL formatida tuzilgan bo‘lib, uning ortidan kirish ma’lumotlari va parol keltirilgan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, unda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar Apple, Facebook va Google’dan tortib GitHub, Telegram va turli davlat xizmatlarigacha tasavvur qilish mumkin bo‘lgan deyarli barcha onlayn xizmatlarga kirish imkonini beradi.

“Bu shunchaki ma’lumot sizib chiqishi emas — bu ommaviy foydalanish rejasi”, deb ta’kidlashdi tadqiqotchilar. Bu hisob ma’lumotlari fishing hujumlari va akkauntlarni egallab olish uchun boshlang‘ich nuqta hisoblanadi.

Avvalroq Yevropa ittifoqi Apple’ni navbatdagi jarimaga tortishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Apple 26-iyungacha App Store’dagi uchinchi tomon to‘lovlaridan komissiya olishni to‘xtatishi shart, aks holda kunlik daromadining 5% miqdorida jarimaga tortiladi.