Xorazm viloyatida 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan MChJ fosh etildi.

O‘zenergoinspeksiya Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan IIB ishtirokida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Unda Urganch tumani Oq ariqlar MFYda joylashgan I. T. B. Q. MChJ sug‘orish maqsadida foydalanayotgan suv nasoslari uchun elektr ta’minoti bilan shartnoma rasmiylashtirmasdan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlangan.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra elektr ta’minoti korxonasiga 8 mlrd 672 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi ma‘lum bo‘ldi.

Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 471 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 214,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va 256,9 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.