Citi tahlilchilari 2026-yilning ikkinchi yarmiga kelib oltin narxi bir unsiya uchun $2700 darajasiga tushishini taxmin qilmoqda. Bu haqda Bloomberg guruhning tahliliy hisobotiga tayanib yozmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, oltin narxi investitsion talabning susayishi, jahon iqtisodiy o‘sish istiqbollarining yaxshilanishi hamda AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarining kamayishi tufayli pasayishi mumkin.
2025-yilning to‘rtinchi choragidan boshlab oltinga bo‘lgan investitsiya talabining pasayishi, AQShning rag‘batlantiruvchi byudjet siyosati kuchga kirishi va Tramp savdo siyosatining yumshatilishi natijasida global o‘sishga bo‘lgan ishonchning biroz yaxshilanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deydi Citi tahlilchilari.
“Biz Federal zaxiraning cheklovchi siyosatdan neytral siyosatga o‘tishi uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi ular.
Kompaniyaning asosiy ssenariysi bo‘yicha, uning ehtimolligi 60% deb baholanmoqda, kelgusi chorakda oltin narxi bir unsiya uchun 3000 dollardan yuqori darajada barqarorlashishi, so‘ngra pasayishi kutilmoqda.
Ehtimolligi 20% bo‘lgan optimistik ssenariyda tahlilchilar uchinchi chorakda tariflar, geosiyosat va stagflyatsiya bilan bog‘liq xavotirlar fonida yangi rekord o‘rnatish imkoniyatini ko‘rmoqda.
Pessimistik ssenariyda, uning ehtimolligi ham 20%ni tashkil etadigan holda, bojxona to‘lovlari masalasining tezkor hal etilishi tufayli qisman keng ko‘lamli sotuvlar kutilmoqda.
Boshqa metallar bo‘yicha bashoratlarda Citi ham alyuminiy, ham mis uchun juda optimistik kayfiyatda ekanligini bildirdi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu metallarning narxi ko‘p jihatdan jahon iqtisodiyotining o‘sishi va umumiy kayfiyatga bog‘liq ekan.
Joriy yilning aprel oyida oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun $3500dan oshdi. Bu dollar qiymatining yangi bosqichda pasayishi, AQSh prezidenti Donald Trampning Federal zaxira bankini tanqid qilishi va savdo urushi oqibatlari haqidagi davom etayotgan tashvishlar fonida yuz berdi.
Keyingi haftalarda narxlar pasaydi. Biroq, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgandan so‘ng, narxlar yana bir troya unsiyasi uchun $3400gacha ko‘tarildi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $3356,1ni tashkil qildi.
20-iyun kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 407 ming 800 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 7 mln 39 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 7 mln 39 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 14 mln 78 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 28 mln 155 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 70 mln 388 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 140 mln 776 ming so‘mni tashkil qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston may oyida oltin-valyuta zaxiralarini biroz oshirgani haqida yozgandi.
Markaziy bankning xalqaro aktivlari bir oyda $410,2 mlnga oshib, $49,66 mlrdni tashkil etdi. O‘sish valyuta zaxiralari hisobidan ta’minlangan.