Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev PXIF-2025 doirasidagi muloqotda O‘zbekistonda “yashil” energetikaning rivojlanishiga izoh berdi. Mamlakat energetika tizimining o‘rnatilgan quvvati 55% ga oshib, 25 GVtga yetdi. Quyosh va shamol energiyasi asosida 3,5 GVt quvvat ishga tushirilib, energiya saqlash hajmi ortib bormoqda.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini hozirgi 84 dan 135 mlrd kVt/soatgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvatini besh baravardan ko‘proqqa — 4 dan 20 GVt/soatgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

“Bizda mintaqaviy loyihalar ham bor — bu Yevropa mamlakatlariga „yashil“ energiya eksporti. Biz haqiqatan ham bunga ["yashil” energiyaga] ishonamiz. Agar ishonmaganimizda, bu loyihalarning hech biri [amalga oshirilmagan bo‘lardi]. Ta’kidlamoqchimanki, loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan. Bu investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalaridir", — dedi Xo‘jayev.

Bosh vazir o‘rinbosari sessiya moderatorining yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanish haqidagi savoliga javoban O‘zbekiston neft-kimyo va iqtisodiyotning boshqa an’anaviy tarmoqlarida neftdan foydalanishda davom etishini aytdi.

Shunga qaramay, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston imkon qadar muqobil energiyaga o‘tish niyatida. “Markaziy Osiyoda quyosh, shamol va suv xudo tomonidan berilgan”, — deya xulosa qildi Xo‘jayev va “yashil” energetikaga investorlarni jalb qilish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.