2026-yildan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan xodimlar bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi. Bu bo‘yicha 20-iyun kuni prezident qarori qabul qilindi.

Bir yillik shartnomadan keyin davlat xizmatchilari faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra ular bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinganlar majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘taydi.

Bunda ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkazilib, ularning tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilimi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari hamda kompyuter savodxonligi aniqlanadi.

Shu bilan birga, qonunchilikdagi yangiliklar, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘zlashtirganligi, ularning umumiy eruditsiyasi, psixologik diagnozi va intellektuallik koeffitsiyenti (IQ) kabi ko‘rsatkichlari baholanadi.

diagnostika va faoliyat samaradorligi (KPI) natijalari xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yig‘iladi. Tahlil natijalariga ko‘ra, xodim portfoliosi yaratilib, ular rivojlantirishi lozim bo‘lgan “yumshoq” va “qattiq” ko‘nikmalari bo‘yicha majburiy malaka oshirish, shu jumladan, mustaqil ta’lim olish dasturini o‘taydi.

Vazirlik va idoralarda xodimlarning xorijdagi malakasini oshirish hamda stajirovkasini tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlar majburiy tartibda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

1-avgustdan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqat argos.uz orqali o‘tkaziladi.

Test sinovlari Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli orqali maxsus jihozlangan xonalarda yoki masofaviy onlayn proktoring tizimi orqali o‘tkaziladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga tanlovning suhbat bosqichiga davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, OTM, ilmiy tashkilotlar yoki davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlarining vakillaridan ekspertlarni jalb qilish huquqi beriladi.

Agentlik tanlov yakunlariga ta’sir ko‘rsatgan va bartaraf etib bo‘lmaydigan kamchiliklar aniqlansa, tegishli davlat organiga tanlov komissiyasining qarorini bekor qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritishi mumkin.

Shuningdek, qonun bilan 2026-yildan boshlab iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo‘yicha Top-100 dasturi joriy etiladi. Unda har ikki yilda bir marta 100 nafar salohiyatli boshqaruv kadrlarini saralab olish bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Avvalroq prezident farmoni bilan O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar hamda stipendiya miqdorlari oshirilishi haqida xabar berilgandi.