Toshkentdagi supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari arzonlashdi. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.

2025-yilning iyun oyida Toshkent shahridagi supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishi

Institut mutaxassislari iyun oyida poytaxtdagi supermarketlarda 21 nomdagi mahsulotlar narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi. Tahlil 7-may va 12-iyun kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida amalga oshirildi.

Natijada 9 nomdagi mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligi aniqlandi. Shunday qilib, oqbosh karamning minimal narxi 64,2%, pomidor — 44,7%, bodring — 36,5%, lavlagi — 21,5%, banan — 13%, olma — 8,4%, guruch — 7,3%, mol go‘shti (file) — 6,3% hamda kartoshka narxi 6% ga tushgan.

Bundan tashqari, 6 ta mahsulotning minimal narxlari oshgan. Ayniqsa, limon narxida eng katta o‘sish qayd etildi. MHTI buni mavsumiy omil bilan izohladi.

Yana 6 nomdagi mahsulot — bug‘doy uni, grechka, makaron, tuxum, margarin, kungaboqar yog‘ining eng past narxlari o‘zgarishsiz qolgan.

Avvalroq prezident mazkur go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi keskin oshmasligi hamda korxonalar “soya"dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek sifatida qaytarish tartibi tasdiqlanganini ma’lum qilgandi. Mutasaddilar to‘lovlarni kechiktirmaslikka chaqirildi. Buni eplay olmagan hokimlar ishdan ketishi haqida ogohlantirildi.