Telegramning iOS uchun Beta-versiyasida vazifalar ro‘yxatini yaratish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda Beta Info kanali xabar berdi.
Katta ehtimol bilan, bu funksiya kelgusi nashrlarda paydo bo‘ladi va faqat Telegram Premium obunachilari uchun mavjud bo‘ladi.
Har bir ro‘yxat 30 tagacha elementni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday ro‘yxatlarni shaxsiy suhbatlarda ham, guruhlarda ham yaratish imkoniyati mavjud.
Guruhga yuborilganda, vazifa yaratuvchisi barcha ishtirokchilarga yangi bandlar qo‘shishga ruxsat berishi mumkin.
Bundan tashqari, boshqa foydalanuvchilarga vazifalarni “bajarildi” deb belgilash yoki bu belgini bekor qilishga ruxsat berish imkoni mavjud. Bunday holda, belgi yonida vazifani bajargan shaxsning avatari aks ettiriladi.
Iyun oyi boshida Telegramda navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgandi.
Xususan, kanallar uchun shaxsiy xabarlar, ovozni kesish, mavzu sahifalari, HD rasmlar hamda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
Avvalroq Spot Malayziyada Telegram faoliyati vaqtincha taqiqlangani haqida yozgandi.
Bunga messenjerdagi ikkita kanalning mahalliy qonunni buzgani hamda davlatga ishonchni susaytiruvchi ma’lumotlarni tarqatgani sabab qilib ko‘rsatilgan.