O‘zbekiston chakana savdo qoidalariga aksiya va chegirmalar qo‘llagan holda savdo qilish bo‘yicha normalarni kiritish rejalashtirilmoqda. Raqobat qo‘mitasi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, aksiya — iste’molchilarning qiziqishini va tovarlar sotuvini oshirishga qaratilgan hamda odatdagidan farq qiladigan maxsus shartlar asosida tovarni xarid qilish uchun taklif hisoblanadi. Chegirma narx esa tovar narxini uning avvalgi narxidan ma’lum bir foiz yoki summa miqdorida arzonlashtirishdir.
Shuningdek, chegirma narxgacha bo‘lgan narx — sotuvchi tomonidan isbotlanishi shart bo‘lgan, chegirma narx e’lon qilingunga qadar 30 kun ichida amalda bo‘lgan iste’molchiga odatda taklif etilayotgan tovar birligi uchun belgilangan eng past narx.
Sotuvchi iste’molchilarning qiziqishini oshirish, sotuvni ko‘paytirish yoki boshqa maqsadlarda aksiya yoki chegirmalar qo‘llashi mumkin. Biroq, alkogol, pivo, vino va tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalari bundan mustasno.
Chegirma narxi faqat so‘nggi 30 kun ichida amalda bo‘lgan eng past narxdan kelib chiqib belgilanishi shart. Buning uchun sotuvchi tovarning oldingi narxini dalilar bilan asoslashi belgilanmoqda. Aksiyalar haqidagi ma’lumot 10 kun oldin soliq organlariga taqdim etilishi talab etiladi.
Sun’iy ravishda narxni oshirib, keyin arzonlashtirib ko‘rsatish taqiqlanadi. Sotuvchi aksiya davomida chegirma, bonus va boshqa imtiyozlarning amal qilishini, aksiyaga qo‘yilgan tovarlarning yetarli miqdorda bo‘lishini ta’minlashi kerak.
Aksiya narxi odatdagi narx shriftiga qaraganda katta shriftlar bilan ko‘rsatilishi mumkin emas. Ma’lumotlar aniq va tushunarli (amal qilish muddati, tovar turkumi va shartlar kabilar) yetkazilishi, tovarlar narxiga nisbatan chegirmalar aniq ko‘rsatilishi, iste’molchi so‘raganda, avvalgi narxlar haqida ham ma’lumot berilishi shart.
Sotuvchi aksiya e’lon qilingandan so‘ng shartlarni o‘zgartirishi mumki emas. Aksiya va chegirmalar qo‘llagan holda chakana savdo qilish bo‘yicha talablarni buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Agar tovar soni cheklangan, mavsumiy yoki mahsulotlarning holatiga bog‘liq bo‘lsa, sotuvchi chegirma to‘g‘risidagi ma’lumotda iste’molchilarni xabardor qilishi kerak.
Chegirmadan foydalanishda iste’molchidan shaxsiy ma’lumotlari talab qilsa, qonunchilikka rioya etilishi va xaridorlar ma’lumotlarni qayta ishlash maqsadlari va shartlari to‘g‘risida xabardor qilinishi shart.
Loyiha bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 5-iyuligacha qabul qilinadi.
Avvalroq Toshkentdagi supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi pasaygani haqida xabar berilgandi. Masalan, karam narxi 64,2% ga, pomidor esa qariyb 45% ga arzonlashgan. Shu bilan birga, oltita oziq-ovqat mahsuloti qimmatlashgan.