O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan bir kunda 13%ga qimmatlashdi.
Juma kungi savdolarda suyultirilgan gaz narxi 13,1%ga oshib, bir tonna uchun 6,27 mln so‘mni tashkil etdi. Avvalgi savdo kuniga nisbatan propan savdosi hajmi 2362 tonnadan 1888 tonnagacha kamaydi. Iyun oyi boshidan buyon suyultirilgan gaz narxi 22,5%dan ko‘proqqa oshdi.
O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov joriy etgandi.
30-aprel kuni suyultirilgan gazning birja kotirovkasi kun davomida 6,4% ga oshib, bir tonnasi uchun 6,4 mln so‘mga yaqinlashdi.
18-aprelga nisbatan narx 20,9% ga, sotish hajmi esa 18,41% ga — 1891 tonnagacha oshdi. Shu bilan birga, 28 va 29-aprel kunlari birjada sotilgan propan hajmi rekord darajadagi 3000 tonnaga yetdi.
Avvalroq prezident hukumatdagi mas’ullar, vazirlar tartib-intizomga vaqtida e’tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayotganini tanqid qilgandi. Masalan, suyultirilgan gaz yetkazishda 60−70 kunlab uzilish kuzatilayotgani qayd etildi. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryoda murojaatlarning 70%i shu masala bilan bog‘liq.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Spot tovar-xomashyo birjasi AI-80 benzini narxining yuqori chegarasini bekor qilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi 2024-yil noyabr oyida kiritilgan cheklovlarni olib tashlashni buyurgan.