Qirg‘iziston avtomobil transportida ko‘mir eksportini vaqtincha chekladi. Bu haqda 21-iyun kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi tegishli qarorni qabul qildi.
Ko‘mirni (YeOII TIF TN kodlari 2701 va 2702) olib chiqishga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov olti oy davom etadi. Yangi tartibga ko‘ra, Qirg‘iziston hududidan avtomobil transportida ko‘mir eksport qilish taqiqlanadi. Faqat Irkeshtam va Torug‘art avtomobil o‘tkazish punktlari bu taqiqdan mustasno hisoblanadi.
Shuningdek, cheklov Energetika vazirligi huzuridagi “Qirg‘izko‘mir” davlat korxonasiga chegara o‘tkazish punktlari orqali avtotransportda ko‘mir eksportini amalga oshirishda tatbiq etilmaydi.
Qayd etilishicha, qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 15 kun o‘tgach kuchga kiradi.
2024-yil noyabr oyida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ham ko‘mirni avtotransportda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan tashqariga olib chiqishni olti oyga taqiqlagan edi. Chora ichki bozorni barqarorlashtirish, aholi va korxonalar uchun ko‘mirning arzonligini ta’minlashga qaratilgan edi.
Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston Qirg‘iziston ko‘mirining asosiy xaridori bo‘lib qolmoqda. Mamlakatga 186,8 ming tonna toshko‘mir va 51,2 ming tonna qo‘ng‘ir ko‘mir eksport qilingan. Yetkazib berish hajmi 2024-yilning mos davri bilan solishtirilganda 52,4%ga oshgan.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,77 mln tonnadan ziyod ko‘mir qazib olindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33,5%lik o‘sishni tashkil etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ko‘mir va propan uchun “karbon yig‘imi” joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Shuningdek, kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning issiqxona gazlari ajratmalarini xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.