Oliy Majlis qonunchilik palatasi yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi choralarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Deputatlar elektr energiyasi, gaz va boshqa energiya resurslaridan oqilona foydalanmaslikka qarshi kurashning dolzarbligini ta’kidladilar. Biroq, hozirda bunday qonunbuzarliklar uchun faqat tashkilotlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilmoqda.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun javobgarlik tartibi belgilanmagan. Faqatgina 2024-yilning o‘zida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan elektr energiyasidan nooqilona foydalanishning 17,6 mingta va gazdan foydalanish qoidalarini buzishning 7,6 mingta holati aniqlangan.

Yangi qonun loyihasiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar yuridik shaxslar bilan bir qatorda energetika sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar subyekti sifatida belgilanmoqda. Elektr tarmoqlari, gaz va suv quvurlariga noqonuniy ulanish, shuningdek, resurslarni o‘g‘irlash uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

Qonun hujjatlarida O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnomalar tuzish vakolatlari aniq belgilanmagani qayd etildi. Yangi qonun loyihasi ushbu vakolatlarni yanada aniqroq belgilashga qaratilgan.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga elektr energiyasidan behuda foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish vakolatini berish taklif etilmoqda.

O‘zenergoinspeksiya 2024-yil dekabridan 2025-yil fevral oyi o‘rtalarigacha 167 ta noqonuniy gazdan foydalanish va 6472 ta gaz o‘g‘irlash holatlarini aniqlagan. Jami 133,8 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan bo‘lib, yetkazilgan zarar 227,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shavkat Mirziyoyev 16-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ayrim hududlarda aholidan gaz bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha murojaatlar ko‘pligini ta’kidladi. Sektor rahbarlariga ikki hafta muddatda muammolarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda energiya sarfi yuqori bo‘lgan 18 ta tarmoq avtonom energiya ta’minotiga o‘tkazilishi haqida yozgandi.