Shavkat Mirziyoyev yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Taqdimotda bu yil amalga oshirilayotgan loyihalar va yaqin kelajakdagi rejalar haqida axborot berildi. Xususan, yil yakunigacha 12 ta quyosh va 4 ta shamol elektr stansiyasi, 12 ta energiya saqlash tizimi ishga tushiriladi.

Ularga jami investitsiya hajmi $5 mlrddan ziyod bo‘lib, salkam 9 mlrd kilovatt-soat quvvatga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu yil umumiy qiymati $7,2 mlrdlik yana 11 ta loyiha qurilishi boshlanadi.

Davlat rahbari yo‘qotishlarni kamaytirish, ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida energiya tejamkor uskunalar o‘rnatish vazifasini qo‘ydi. Mamlakatda jami elektr energiyasi iste’molining uchdan bir qismi iqtisodiyotning 18 ta tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, suv xo‘jaligi tizimidagi nasoslar yiliga 6,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi sarflaydi.

elektr energiyasi, sanoat, tejamkorlik

Shu bois 12 ta yirik nasosni modernizatsiya qilib, har biriga 75−100 megavattli quyosh stansiyasi hamda 50 megavattli saqlash qurilmasi o‘rnatish vazifasi belgilandi.

Natijada nasoslarning elektr sarfi yiliga 2 mlrd kilovatt-soatga kamayib, 4,5 mlrd kilovattga tushadi. Bu ishlar suv chiqarish tannarxi baland bo‘lgan Qarshi magistral kanalidan boshlanadi.

Neft-gaz korxonalarida ham 240 megavattli quyosh stansiyasi va 300 megavattli saqlash qurilmalari o‘rnatib, kamida 600 mln kilovatt-soat elektr olish imkoniyati borligi qayd etildi.

Yig‘ilishda elektr iste’moli yuqori 18 ta tarmoqni o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlaydigan tizimga o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berishni muhokama qilmayotgani haqida yozgandi. Mintaqa davlatlari ortiqcha energiyani Xitoyga eksport qilishi, qishda esa gaz taqchilligini import hisobiga qoplashi mumkin bo‘ladi.