Barno Dusiyarova 2001-yil Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida tug‘ilgan.
2023-yilda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo‘nalishini tamomlagan. 2024-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining ommaviy axborot vositalari huquqi yo‘nalishi bo‘yicha bir yillik magistr darajasini olgan.
Shunga qaramay, Barno o‘tgan yili Vengriyaning Stipendium Hungaricum grantini qo‘lga kiritgan. Hozirda, u Eotvos Lorand universitetining media va kommukatsiya yo‘nalishida ikkinchi magistratura bosqichida ta’limni davom ettirmoqda.
Spot Barno Dusiyarova bilan dastur va unga hujjat topshirish, intervyudan o‘tish jarayonlari, shuningdek, Vengriya ta’lim tizimi hamda yashash imkoniyatlari borasida suhbatlashdi.
Nima uchun Vengriya?
Onam — o‘qituvchi. O‘qituvchi insonning qizi bo‘lish, ko‘p imkoniyatlar eshigini ochgan: opam va mening o‘qishim qattiq nazorat qilinar, doim ilmli bo‘lishimiz muhim ekanligi uqtirilardi. Ko‘pchilik o‘zbek oilalarida bo‘lganidek, bizning ham oilamizda qiz bola uchun shifokorlik, o‘qituvchilik eng ideal kasb, deb qaralgan. “Har bir oilaning bir isyonchisi bo‘ladi”, deyishganidek, qaysidir ma’noda oilamizning “isyonchi"si men edim.
Shu bois jurnalistika sohasi menga qiziqarli tuyulardi. Dastlab O‘zJOKUda bakalavr bosqichini, undan keyin Toshkent davlat yuridik universitetining bir yillik magistrlik dasturini tamomladim. Garchi qo‘limda mamlakatning nufuzli universitetlaridan birining diplomi bo‘lsa-da, o‘zimni hali yetarlicha tayyor, deb hisoblamasdim.
2017-yil kollejda o‘qib yurgan vaqtim, onam bir hamkasbining qizi Koreyaga o‘qishga kirganini aytib qoldi. U yillarda bu kabi holatlar juda ham kamyob sanalardi. Shu sabab “chetga ketish” orzusi tug‘ilsa-da, uni amalga oshirish uchun na aniq maqsad va na yetarli mablag‘ bo‘lgan. Shundan so‘ng, uzun yo‘l-xaritasi tuzdim: dastlab O‘zbekistonda o‘qib, so‘ng Amerikaga ketish.
Bu o‘ylaganimdek oson bo‘lib chiqmadi va men ketolmadim. Lekin Vengriya va Turkiya hukumati grantlarini qo‘lga kiritdim va oxirida Stipendium Hungaricum grantini tanladim. “Nima uchun aynan Vengriya?” deb ko‘p so‘rashadi. Men uchun Yevropada bo‘lish, xalqaro kompaniyalarda amaliyot o‘tash hamda sayohat qilish istagi muhim edi. Qolaversa, Budapesht — Yevropaning arzon mamlakatlaridan biri, albatta, Germaniya, Shvetsariya yoki Fransiyaga nisbatan.
Stipendium Hungaricum qanday grant?
Ushbu stipendiya Vengriya tomonidan moliyalashtirilgan va hukumatlararo hamkorlik orqali nomzodlar saralab olinadigan dastur hisoblanadi. Ya’ni bu grantni yutish uchun sizning nomzodligingiz nafaqat Vengriya ta’lim vazirligi, balki O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida ham ko‘rib chiqiladi.
Grant uchun arizalar har yilning kuz-qish mavsumida qabul qilinadi. Bakalavruatyra bosqichi 1−2 yil, magistratura — 1,5−2 hamda doktorantura 4 yoki 6 yil davom etadi. Bundan tashqari, grant bir yillik tayyorlov kursini ham o‘z ichiga oladi, qabul qilinganlar venger tiliga hmada ixtisoslik bo‘yicha o‘qitiladi.
Foto: Barno Dusiyarovaning shaxsiy arxividan
Grant g‘oliblari quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladi:
- o‘qish to‘lovi to‘liq qoplab beriladi;
- tayyorlov kurslari, bakalavriat, magistratura va bir bosqichli magistratura talabalariga o‘qish yakunlangunga qadar bepul turar joy va oyiga 130 yevro miqdorida stipendiya;
- PhD tadqiqotchilariga birinchi va to‘rtinchi semestr uchun har oyda taxminan 450 yevro, besh va sakkizinchi semestr har oyda taxminan 580 yevro miqdorida stipendiya beriladi.
Shuningdek, ta’lim muddati tugagunigacha talabalar har yili bir marta tibbiy sug‘urta uchun 205 yevro oladilar. Dastur ovqatlanish, o‘quv qurollari va boshqa xarajatlarni qoplamaydi.
Universitet turar joyida yashamaydigan talabalar uchun ajratiladigan stipendiya ijara haqini to‘lashga yetmasligi mumkin. Shu sababli Vengriyada ijara narxlari bilan tanishish tavsiya etiladi.
Qanday hujjatlar kerak?
Buning uchun quyidagi hujjatlarni onlayn topshirish zarur:
- pasport nusxasi;
- maktab shahodatnomasi, kollej diplomi, universitet diplomi va ilovasi (ingliz yoki venger tilida yoki tarjimasi bilan);
- til sertifikati (CEFR B2-C1 yoki IELTS 6−7);
- motivatsion xat (bir yoki ikki sahifadan oshmagan, asosan, tanlagan sohangizdagi muammo, yechim, kelajakdagi maqsadlar va nega aynan sizga bu grant berilishi kerakligi haqida);
- tibbiy ma’lumotnoma;
- rasm (olinganiga ikki yildan oshmasligi kerak);
- tavsiyanoma;
- CV (Europass formatida — uni havola orqali bepul yaratish mumkin).
Bundan tashqari, qo‘shimcha hujjatlar, shu jumladan diplom va sertifikatlarni ham yuklash mumkin. Tajribamdan kelib chiqib aytamanki, ular grant yutishingizda yordam beradi. Masalan, volontyorlik dasturlarida qatnashganingiz sizni o‘z jamiyatingizga befarq emasligingizni ko‘rsatsa, turli kurslarda o‘qiganingiz har doim shaxsiy va professional rivojlanishga chanqoq ekaningizni isbotlaydi. Bu esa sizni minglab nomzodlar orasida ajralib turishingizga yordam beradi.
Tavsiya: hujjat topshirishda 1 yoki 2 ta tavsiyanoma talab etiladi. Ularni esa universitetdagi o‘qituvchingiz yoki ilmiy rahbaringizdan olishni maslahat beraman. Yana bitta tavsiyanomani ishingiz, agar amaliyotda bo‘lgan bo‘lsangiz u yerdan ham olishingiz mumkin.
Hujjatlar har yilning 15-yanvariga qadar onlayn tarzda havola orqali qabul qilinadi. Avval yo‘nalish tanlab keyini universitetga ariza topshiriladi.
Foto: Barno Dusiyarovaning shaxsiy arxividan
Nomzodlar bir vaqtning o‘zida ham oliygoh, ham Stipendium Hungaricum granti uchun ko‘rib chiqiladi. Barcha talablarga javob berganlar esa grantni qo‘lga kiritishlari va Vengriyada ta’lim olishlari mumkin bo‘ladi. O‘ylaymanki, ushbu grant Yevropa davlatlaridan birida ta’lim olish uchun eng maqbul variantlardan biri deb hisoblanadi.
Hujjat topshirish jarayoni
Hujjatlar quyidagi to‘rt bosqich asosida ko‘rib chiqiladi:
Birinchi bosqich: qabul ochilgach, barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab, onlayn platformaga yuklash kerak. Faqat tibbiy ma‘lumotnomani aprel oyi boshigacha topshirish mumkin.
Ikkinchi bosqich: hujjatlar ko‘rib chiqilishi uchun O‘zbekistonga yuboriladi. Agar ular tasdiqlanib, grant uchun nomzod sifatida tavsiya etilsangiz, fevral oyida sizga elektron pochta orqali xabar yuboriladi va keyingi bosqichda ishtirok etasiz.
Uchinchi bosqich: bu bosqichda faqat saralangan nomzodlar universitet tomonidan Zoom orqali intervyuga taklif etiladi. Suhbat 15−20 daqiqa davom etadi. Men bilan ikki professor intervyu o‘tkazishgan, savollar esa asosan tanlagan soham hamda tadqiqot mavzuyim bo‘yicha bo‘lgan.
Tavsiya: intervyuga tayyorlanishda o‘z sohangiz haqida ko‘proq o‘rganishni, sohangizga oid terminlarni ingliz tilida ham bilib qo‘yishni tavsiya qilaman. Shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat yoki pasportingizni unutib qo‘ymang, chunki intervyu boshida uni ko‘rsatishingiz kerak.
Intervyudan 10 kun o‘tgach sizga universitetga qabul qilingan yoki qilinmaganingiz haqida yana bir elektron xabar keladi. Biroq, xursand bo‘lishga shoshilmang, bu hali grant yutdingiz, degani emas.
To‘rtinchi bosqich: bu bosqichda barcha hujjatlar, intervyu natijasi hamda universitetning qabul qarori Vengriya hukumatiga yuboriladi. Sizga grant berish yoki bermaslik bo‘yicha eng so‘nggi qarorni ular qabul qiladi. Agar siz grant yutsangiz, bu haqida iyun oyi oxirlarida elektron pochta orqali xabardor qilinasiz.
Motivatsion xat qanday yoziladi?
Tasavvur qiling, sizga million dollarlik investitsiya kiritishmoqchi. Investorlarni ishontirish uchun o‘zingiz va qobiliyatingiz haqida gapirishingizning yagona yo‘li — bu motivatsion xat.
Shuning uchun ham uni yozishda murakkab va balanparvoz gaplardan qochish kerak. O‘zingiz haqingizda qancha ochiq va tabiiy yozsangiz, bu xatni o‘qiydiganlar ham sizni shunday qabul qilishadi.
Men ushbu grant uchun yozgan xatimda, “Ta'lim — men uchun dunyo kezishning yagona yo‘li”, deb yozganman va bu yo‘lda menga investitsiya qilishlarini, kelgusida esa bu imkoniyat natijasini ko‘rishlariga ishontirishga harakat qilganman.
Shuningdek, grantning maqsadini chuqurroq o‘rganib, shu haqida ham motivatsion xatda qisqacha ma’lumot kiritish ham foydali bo‘ladi.
Intervyu bosqichi qanday bo‘ladi?
Hujjatlar saralangandan keyin, intervyuga chaqirilasiz, suhbat esa universitet professorlari tomonidan o‘tkaziladi. Siz ikkitagacha universitet tanlashingiz mumkin — agar ikkalasi ham sizni qabul qilsa, faqat birinchi tanlovingiz bo‘yicha o‘qishga kirasiz.
Masalan, men birinchi tanlov sifatida Eötvös Loránd University’ni, ikkinchisi sifatida esa Budapest Business School’ni tanlaganman. Har ikkala universitet ham intervyuga chaqirgan.
Eng murakkab suhbat Eötvös Loránd bilan bo‘lgan. Professor arizamda yozgan tadqiqot mavzuyim bo‘yicha yuzlanib, nega aynan bu mavzu, qanday adabiyotlar, qanday metodlar bilan tadqiqot olib borishim haqida so‘ragan.
Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkin, agar sizni intervyuga chaqirishgan bo‘lsa — siz yarim g‘olibsiz. Endi qolganini ham qo‘lga kiritish uchun intervyuni jiddiy tayyorgarlik bilan o‘tish kerak.
Tavsiya: grant talablari asosida qanday savollar bo‘lishini oldindan bilishingiz kerak. Shuning uchun ehtimoliy savollar ro‘yxatini tuzib, ularga aniq faktlar asosida javob tayyorlang. Shuningdek, o‘zingiz o‘qigan yoki qiziqqan kitoblarda keltirilgan, yozuvchilar tomonidan aytilgan qiziqarli iqtibos yoki fikrlarning zaxirada bo‘lishi ham zarar qilmaydi.
Foto: Barno Dusiyarovaning shaxsiy arxividan
Masalan, bir intervyuda mendan: “Nega aynan seni tanlashimiz kerak?” deb so‘rashganida, shunday javob berganman: “Garvard talabalari Garvardni faqat mashhurligi yoki obro‘si uchun tanlashmaydi — ular bu joyni netvorking uchun tanlashadi. Men ham xuddi shu maqsadda…”.
Shu bois, intervyuni faqat grant mavzusida cheklab qo‘ymaslik kerak — siz o‘zingizning qiziquvchan va intiluvchan shaxsiyatingizni ko‘rsata olishingiz kerak. Har doim insoniy sifatlar g‘alaba qiladi.
Viza jarayoni
Intervyudan so‘nggi bosqich — bu natijalarni kutish jarayoni bo‘lib, ba’zida bir necha hafta, ba’zida esa bir necha oy davom etishi mumkin. Intervyu natijalari universitet tomonidan emas, balki Tempus Public Foundation (Vengriya Ta’lim vazirligi huzuridagi muassasa) yakuniy qarori bilan qabul qilinadi.
Odatda grant g‘oliblari may oyi oxiri yoki iyun oyi boshlarida elektron pochta orqali xabardor qilinadi. Jarayon ko‘p bosqichli bo‘lgani uchun sabr bilan kutish kerak.
Grant natijalaridan keyingi bosqich viza olish jarayonidir. Viza olish uchun kerakli hujjatlar ro‘yxati talabaning elektron pochtasiga yuboriladi. Undan keyin pasport, qabul xati, tibbiy sug‘urta, yashash joyi haqidagi ma’lumotlarni tayyorlab, Vengriya elchixonasiga murojaat qilish kerak. Shu bilan, viza markazida ariza to‘ldiriladi.
Stipendium Hungaricum g‘oliblari uchun viza to‘lovi mavjud emas. Viza, odatda, 1−2 oy ichida tayyor bo‘ladi hamda 3 oyga beriladi.
Bu davr ichida talaba Vengriyaga yetib kelib, vaqtinchalik yashash uchun “residence permit"ga ariza topshirishi kerak. Ushbu hujjat Vengriyada yashash, ishlash va Yevropa davlatlariga sayohat qilish uchun asosiy ID-hujjati vazifasini bajaradi.
Ishlash imkoniyati
Stipendium Hungaricum granti nafaqat tahsil olish imkonini beradi, balki talabalarga o‘qishga halaqit qilmagan holda ishlash va amaliyot o‘tash imkonini taqdim etadi. Vengriya qonunchiligiga ko‘ra, xalqaro talabalar o‘qish davrida haftasiga 30 soatgacha ishlash huquqiga ega. Yozgi ta’til paytida esa ular to‘liq stavkada ishlashlari mumkin.
Aksariyat talabalar yarim stavkali yoki soatbay ishlar, masalan, restoranlar, do‘konlar, kutubxonalar, universitet laboratoriyalari hamda IT va marketing sohalarida faoliyat yuritadi.
Vengriyada o‘rtacha ish haqi 500−600 yevro atrofida bo‘lib, bu ish turi, joylashuv (Budapesht yoki boshqa hududlar), malaka va til bilish darajasiga qarab o‘zgarishi mumkin. Masalan, IT-sohasida ingliz tilini yaxshi biladigan talaba ko‘proq maosh oladi.
Hozirda o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasida amaliyot o‘tamoqdaman. Bu men uchun juda katta maktab vazifasini bajardi. Amaliyot ham o‘z soham bo‘yicha, ham ikki mamlakatning diplomatik va madaniy aloqalarini tahlil qilishda yordam bermoqda.
Foto: Barno Dusiyarovaning shaxsiy arxividan
Yashash xarajatlari
Grant universitet kontrakti, talabalar yotoqxonasi va tibbiy sug‘urta kabi xarajatlarni to‘liq qoplaydi. Oziq-ovqat, transport va boshqa shaxsiy xarajatlar esa talaba hisobidan.
Vengriyada talabalarga bir qancha moliyaviy yengilliklar, shu jumladan, jamoat transporti uchun chegirmalar taqdim etiladi: bir oylik chipta narxi taxminan 5 yevro bo‘ladi. Bu orqali butun mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin.
Men ham yotoqxonada turaman. Oziq-ovqat mahsulotlarini odatda Lidl, Aldi, Tesco kabi arzonroq supermarketlardan xarid qilaman. Agar o‘zingiz ovqat tayyorlasangiz, xarajatlar uchun oyiga 120−150 yevro atrofida ketishi mumkin. Uyda taom tayyorlash nisbatan arzonroq.
Shu bilan birga, boshqa shaxsiy xarajatlar, jumladan, aloqa, internet, ko‘ngilochar tadbirlar va sayohatlar uchun o‘rtacha 50−100 yevro atrofida ketishi mumkin.
Umuman, transport va oziq-ovqat xarajatlari uchun oyiga 150−200 yevro sarflayman. Bu summa hayot tarzi va shaxsiy ehtiyojlarga qarab o‘zgaradi.
Transport va davlat xizmatlari bo‘yicha imtiyozlar tufayli talabalar uchun qulay va tejamkor hayot imkoniyati yaratilgan. Bu esa ularning moliyaviy mustaqilligini ta’minlab, e’tiborlarini shaxsiy rivojlanishga qaratishlariga yordam beradi.
Ta’lim jarayoni
Vengriyada o‘qish jarayoni tartibli, biroq talabalarga yetarli darajada erkinlik beradigan tizim asosida tashkil etilgan.
Har semestr boshida talabalar o‘zlariga tegishli (yoki sohaga aloqador bo‘lmagan) fanlarni tanlab, ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Bu jarayon Neptun deb nomlanuvchi elektron platforma orqali amalga oshiriladi. U orqali talabalar mavjud fanlar ro‘yxatini ko‘rib chiqish, ularga yozilish, imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tish va o‘z dars jadvalini mustaqil shakllantirishlari mumkin. Platforma baholarni kuzatish, darsga qatnashish haqida ma’lumot olish, hattoki professorlar bilan yozishmalarda ham foydalaniladi.
Talabalar darslar uchun o‘zlariga qulay vaqtni tanlashlari mumkin. Masalan, Media Systems and Norms fani uchun professor bir nechta dars vaqtini belgilaydi, talaba esa o‘zining ehtiyoj va imkoniyatlariga mos vaqtni tanlab, ro‘yxatdan o‘tadi. Bu orqali har bir talaba qulay jadval tuzishi mumkin.
Darsga qatnashish borasida esa talabalarga qat’iy talablar qo‘yilmaydi — odatda o‘qituvchilar yo‘qlama qilmaydi, darsga aniq vaqt yoki maxsus kiyimda kelish shart emas. Bu talabani ichki mas’uliyatga tayangan holda o‘qishga undaydi.
Foto: Barno Dusiyarovaning shaxsiy arxividan
Imtihonlar odatda semestr yakunida o‘tkaziladi hamda ular yo‘nalish va fanga qarab farqlanadi. Masalan, ijtimoiy-gumanitar sohalarda — jurnalistika yoki siyosatshunoslik kabi yo‘nalishlarida — talabalar ko‘pincha yakuniy loyiha, esse yoki yozma ish orqali baholanadi. Og‘zaki imtihonlar ham bo‘lishi mumkin. Texnik va aniq fanlarda esa test, masalalar yechish, laboratoriya ishi yoki yozma imtihonlar asosida baho qo‘yiladi.
Talabalar Neptun tizimi orqali o‘zlariga qulay sanalarni tanlab imtihonlarga yozilishlari mumkin. Bu esa boshqa fanlar bilan bir xil vaqt belgilanib qolishining oldini oladi. Vengriya universitetlaridagi bu tizim ta’lim jarayonini soddalashtiradi, talabaga o‘z ustida ishlashga imkon beradi va javobgarlikni oshirishga undaydi. Shu sababli, o‘qishda rasmiyatchilik kam, ta’lim amaliy jihatdan samarali akademik muhitda olib boriladi.
Professorlar talabani tushunadi
Xorijdagi ta’lim haqida ko‘p gapirish mumkin, ammo qisqacha uni “erkinlik” deya ta’riflash mumkin. Xuddi siz 2−3 yo‘l boshida turibsiz va sizga shunchaki “yur” deyilgan. Qiziqqon va faol bo‘lsangiz, har bir yo‘ldan yurib ko‘rasiz va qarabsizki sayohat yakunida o‘zingiz kutmagan darajada ko‘p tajriba, bilim va yaxshi xotiralarga ega bo‘lasiz. Bu — aynan men o‘qiyotgan universitetning ta’lim metodi.
O‘zbekistondagi ta’limda esa, o‘zimni bir necha yo‘l boshida ko‘rgan bo‘lsam-da, menga aynan qaysi yo‘ldan yurish va qanday tezlikda harakat qilish kerakligi qat’iy belgilab berilgandi. Uning yakuni esa bir xil tajriba va charchagan ruhiyatdir.
Bu yerda darsga sizning qanday kiyimda kelganingiz, kechikishingiz yoki boshqa holatingiz umuman ahamiyat kasb etmaydi — bu haqida o‘qishga kelmasimdan oldin eshitgandim, endi esa o‘zim guvohi bo‘lyapman.
Vengriyadagi mahalliy aholi, shu bilan birga, talabalar ham o‘qish va hayot yoki ish va hayot o‘rtasida muvozanatga ega. Professorlarga “o‘qishdan charchadim”, desangiz, buni qabul qila olishadi. Va eng ajablanarlisi ham shunda, siz bemalol o‘z kechinmalaringizni ayta olasiz va sizni tushunishadi.
Yevropada o‘qishning ijobiy va salbiy tomonlari
Yevropa — katta imkoniyatlar qit’asi. Buni eng avvalo, chegaralarning erkinligi bilan izohlashim mumkin. Masalan, Budapeshtda yashab, har kuni bemalol Venaga borishingiz yoki Sloveniyaga piyoda sayr qilib kelishingiz mumkin. Davlatlararo harakatlanish, O‘zbekistondagi viloyatlararo sayohatlardan ham arzonroq.
Ikkinchi e’tiborli jihat — adolatli ish bozori. To‘g‘ri, ish topish qiyin bo‘lsa-da, bo‘sh ish o‘rinlarini kuzatish imkonini beruvchi platformalar bor. Yevropada yashayotganingizning o‘zi sizga xalqaro tashkilot va turli jamiyatlarga ishga kirishda ustunlik beradi. Uchinchisi esa, qadriyatlar. Yevropaliklar sizning o‘zingizni qanday tutishingiz-u, qanday kiyinganingizga qiziqishmaydi. Vaholanki, “odamlar nima derkin?”, demasdan erkin yashay olasiz.
Yana bir jihat — insonlarning sog‘lom yashashga harakat qilishlari. “Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi” deydi, men ham dam olish kunlari yugurishni odat qilganman. Odamlarning tabiat, yugurish va sayr qilishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, siz ham ilhomlanasiz.
Foto: Barno Dusiyarovaning shaxsiy arxividan
Vengriya Yevropaning nisbatan arzon davlatlaridan biri hisoblanadi. Lekin iqtisodiyoti haqida bunday deya olmayman — inflyatsiya yuqori, oyliklar o‘zgarishsiz, bozorlarda esa narxlar qimmatlashmoqda.
Ushbu grant bizga turar-joy va sug‘urta masalalarida moliyaviy yordam beradi — oylik xarajatlarimiz uchun 43 ming forint (120 yevro) ajratiladi. Albatta, bu barcha ehtiyojlarni qoplashga yetmaydi.
Maslahatlar. Xorijda yangi hayot boshlashni rejalashtirayotganlar uchun yagona tavsiyam — mustaqil qaror qabul qilishga o‘rganing va uning natijasini har qanday holatda tajriba sifatida qabul qiling. Boshida qiyin bo‘ladi va bu tabiiy. Lekin imkoniyatlar juda ham ko‘p. Muhimi, qaysidir imkoniyat o‘zi kelishini kutmang, o‘zingiz boring va boshlang.
O‘zbekistonda butun boshli xotiralarim va oilam bor. Albatta, ota-onam bilan o‘tkazgan vaqtlarimni ko‘p sog‘inaman. Inson ulg‘aygani sari mas’uliyati ham ortib borarkan. Ba’zan, yana kichkina qiz bo‘lib qolishni va oilam davrasida beg‘am yurishni, ishim va o‘qishim, to‘lanishi kerak bo‘lgan cheklar haqida unutib, ota-onam bag‘rida bo‘lib qolishni xohlardim.