Android operatsion tizimidagi Google Chrome brauzerining foydalanuvchilari endi ekranning quyi qismida joylashgan manzil satridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda 9to5Google nashri xabar berdi.

“Qo‘lingizning o‘lchami va qurilmaning o‘ziga qarab, manzil satrining ma’lum bir joylashuvi boshqasidan qulayroq bo‘lishi mumkin. Biz ushbu yangilanishni foydalanuvchilarga veb-sahifalarni ko‘rish uchun eng qulay joyni tanlash imkoniyatini berish maqsadida ishlab chiqdik”, — deya ta’kidladi Google vakillari.

android, chrome

Hozirda smartfonlar ancha katta bo‘lgani sababli, ekranning yuqori qismida joylashgan manzil satriga yetib borish ba’zan chindan ham qiyinchilik tug‘diradi. Ayniqsa, qurilmani bir qo‘l bilan boshqarish kerak bo‘lgan holatlarda bu muammo yaqqol seziladi.

Brauzerning ushbu elementi joylashuvini o‘zgartirish uchun manzil qatorini uzoq muddat bosib turish kerak. Keyin paydo bo‘lgan menyudan “Move address bar to the bottom” (“Manzil qatorini pastga ko‘chirish”) tugmasini bosish kerak.

Bundan tashqari, foydalanuvchilar mazkur sozlamani “Sozlamalar” bo‘limidagi “Manzil qatori” qismida ham o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi.

Qayd etilishicha, iOS’dagi Google brauzerida bu funksiya 2023-yildan buyon mavjud hisoblanadi.

Yangilik hafta mobaynida butun dunyo bo‘ylab Google Chrome brauzerining so‘nggi versiyasini o‘rnatgan foydalanuvchilarga yetib boradi.


Avvalroq Spot Google Android 16'ning barqaror versiyasi chiqishini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Barqaror versiya dastlab Google Pixel smartfonlarida ishga tushiriladi. Keyinchalik, 2025-yil oxirigacha u boshqa brendlarning mos qurilmalarida ham paydo bo‘ladi.