Rossiya Markaziy banki Davlat dumasiga banklar mijozlarga raqamli rubl bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini berishni boshlashlari kerak bo‘lgan sanani belgilash taklifini yubordi.

Regulyatorning e’lon qilingan taklifiga ko‘ra, eng yirik, tizimli ahamiyatga ega banklar 2026-yil 1-sentabrdan boshlab bunday operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini ochishi kerak.

Xuddi shu sanadan boshlab eng yirik banklarning mijozlari bo‘lgan va o‘tgan yildagi daromadi 120 mln rubldan oshgan savdo kompaniyalari raqamli rubl uchun o‘z infratuzilmasini ochishlari kerak.

Ular milliy valyutaning raqamli shaklida tovarlar va xizmatlar uchun to‘lov imkoniyatini ta’minlashlari lozim.

Interfaks nashrining aniqlik kiritishicha, hozirda eng yirik banklar qatoriga 11 ta tizimli ahamiyatga ega kredit tashkilotlari kiradi. Bular Sberbank, T-Bank, Gazprombank, Alfa-bank, VTB, Sovkombank, PSB, RSXB, Moskva kredit banki, Rayffayzenbank va Yunikredit bankdir.

To‘lov xizmatlari bozoridagi muhim banklar ro‘yxatiga oltita bank kiritilgan: Ozon bank, Pochta bank, Ural tiklanish va taraqqiyot banki (UTTaB), RNKB, “Sankt-Peterburg” va “Russkiy standart”.

Joiry yil fevralida Rossiya banki raqamli rublni ommaviy joriy etish muddatini kechiktirishi haqida ma’lum qilgandi.

Regulyator rahbari Elvira Nabiullinaning so‘zlariga ko‘ra, bu barcha tafsilotlarni qayta ko‘rib chiqish va banklar bilan ularning mijozlari uchun eng jozibador bo‘lgan iqtisodiy model bo‘yicha maslahatlashish zarurati bilan bog‘liq.

Nabiullinaning aytishicha, raqamli rubl bo‘yicha sinovlar muvaffaqiyatli o‘tmoqd. Unda 15 ta bankning 1700 nafar mijozi hamda 30 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.


Avvalroq Spot Moskva metropolitenida yo‘l haqini raqamli rublda to‘lash sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, yangi to‘lov usuli yo‘lovchilarga transport kartasini sotib olish va uni to‘ldirishni osonlashtiradi.