Ikki kun ichida Respublika tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) propan narxi 6% dan ko‘proqqa qimmatlashdi. Bu haqda savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

24-iyun kuni suyultirilgan gaz narxi 2,7% ga oshib, bir tonnasi uchun 6,68 mln so‘mni tashkil etdi. Avvalgi savdo kuniga nisbatan propan savdosi hajmi 1853 tonnadan 1502 tonnagacha kamaydi.

So‘nggi ikki kun ichida suyultirilgan gaz 6,6% ga, iyun oyi boshidan buyon esa 30,6% dan ko‘proqqa qimmatlashdi.

O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov joriy etgandi.

Aprel oyi oxirida metan narxi ko‘tarilishi fonida birjada propan narxi keskin oshdi. Ikki hafta ichida propan 20,9% ga, sotish hajmi esa 18,41% ga oshib, 1891 tonnaga yetdi.

Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev suyultirilgan gaz yetkazshda 60−70 kunlab uzilishlar kuzatilayotganini ta’kidlagandi. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida murojaatlarning 70%i gaz ta’minoti bilan bog‘liq.

“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi?”, — dedi davlat rahbari.

Prezident sektor rahbarlariga “so‘nggi ogohlantirish” berib, ikki hafta muddatda muammolarni bartaraf etishni topshirdi, aks holda ular lavozimidan ozod etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda energiya resurslaridan nooqilona foydalanganlik uchun jazoni kuchaytirish taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.