Markaziy bank O‘zbekistonda muddatli to‘lovlar bozorini (BNPL) tartibga solishni joriy etmoqchi. Bu haqda 26-iyun kuni Markaziy bankning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitilgan Senat yalpi majlisida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, jami nasiya krediti portfeli 8,5 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 26%i 2 ta mikromoliya tashkilotiga, 7%i banklar, 67%i esa tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Shartnomalarda ustama haqi yoki real samarali foiz stavkasining aniq ko‘rsatilmasligi mijozlarda qarz yukining haddan tashqari oshib ketishiga sabab bo‘lishi, shuningdek, banklar va mikromoliya tashkilotlaridan olingan kreditlarning o‘z vaqtida qaytarilmasligi va ularning muammoli kreditlarga aylanishi xatarlarini yuzaga keltirmoqda”, — dedi Timur Ishmetov.
Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, banklar va nobank kredit tashkilotlari tomonidan qarz oluvchiga kredit berishda qarz yuki ko‘rsatkichi 50% dan oshmasligi bo‘yicha talab belgilangan. Biroq, aholining nasiya savdo bo‘yicha aksariyat qarz majburiyatlari kredit byurolari bazasiga kirmaydi. Natijada iqtisodiyotda aholining real qarz yuki ortib bormoqda.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, banklar tomonidan qarz oluvchining qarz yuki to‘g‘risidagi talabni buzgan holda kredit berish holatlari kuzatilmoqda, chunki rasmiylashtirilgan muddatli to‘lov shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emas. Shundan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan nasiya bozorini tartibga solish bo‘yicha zarur normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, Timur Ishmetov senatorning savoliga javob berar ekan, nasiya savdosi qarz oluvchilarning qarz yuki bo‘yicha me’yorlarga rioya qilishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.
“Albatta, nasiya bozor ishtirokchilariga hech qanday qarshiligimiz yo‘q, faqat uni davlat tomonidan tartibga solish taklifi bilan chiqyapmiz”, — dedi u.
Markaziy bank qonunchilikda qarz oluvchilarning kredit yuklamasi to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumotni ta’minlash maqsadida kredit byurolariga muddatli to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatini yuklashni taklif qilmoqda.
Shuningdek, regulyator moliya tashkilotlari muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha ustamalar to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni oshkor qilishlari tarafdori.
Nasiya bozori
Joriy yil boshida Markaziy bank hozirda bank nazoratidan tashqarida bo‘lgan muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan taqdim etuvchi tashkilotlarga ma’lumotlarini kredit byurolariga taqdim etish majburiyatini yuklash rejalashtirilgandi.
Bundan tashqari, Markaziy bank mikroqarzlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovning maksimal miqdorini cheklaydi — bu yiliga 50%. Mikroqarzlar bo‘yicha cheklangan kunlik stavka ham 0,3% dan 0,25% gacha pasaytirilmoqda.
Qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichi o‘rtacha oylik daromadga nisbatan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar summasining 50%i miqdorida belgilandi. Yangi talablar 24-iyuldan kuchga kiradi.
May oyiga kelib Timur Ishmetov Markaziy bank muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Regulyator BNPL “muayyan xatarlarni” keltirib chiqarishini qayd etmoqda. Banklar aholining qarz yukida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni hisobga oladi.
Oxirgi olti yilda muddatli to‘lov bozorida tushumlar 25 barobarga oshib, 201,3 mlrd so‘mga yetdi, birgina o‘tgan yilning o‘zida shartnoma tuzganlar soni 1,9 mln nafar bo‘lgan. Markaziy bank nasiya savdosi asosan yoshlar o‘rtasida ommalashgani (35 yoshgacha bo‘lganlar soni 63%) hamda ularning qarzdorlik ko‘rsatkichi past ekanligini qayd etdi.
Avvalroq Markaziy bank may oyida 13 ta bankka jarima qo‘llagani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, 17 ta bank ustav kapitali va muammoli kreditlarni undirish bo‘yicha talablarni bajarmagan taqdirda chora va sanksiyalar qo‘llanilishidan ogohlantirildi.