Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli suveren kredit reytingini bir pog‘ona — “BB-” darajasidan “BB” darajasiga ko‘tardi. Kredit reytingi bo‘yicha prognoz — “barqaror”.

Agentlikning izoh berishicha, kredit reytingining oshishi islohotlar sur’atining tezlashishi va o‘rta muddatli iqtisodiy o‘sishning qulay istiqbollari bilan bog‘liq. Agentlikning kutilmalariga ko‘ra, bu makroiqtisodiy xatarlarni jilovlash va mamlakatning tarkibiy kredit ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga yordam beradi.

Asosiy islohotlar qatorida Fitch quyidagilarni ajratib ko‘rsatadi:

  • pul-kredit siyosatiga ishonchni oshirish va uning transmission mexanizmini yaxshilash chora-tadbirlari;
  • xususiylashtirish rejalarini ilgari surish;
  • davlat institutlarining shaffofligini oshirish.

Energiya tariflarini liberallashtirish va subsidiyalarni isloh qilish 2024-yilda kutilganidan yaxshiroq fiskal natijalarga erishishga yordam berdi. Bu, shuningdek, taqqoslanayotgan mamlakatlarga nisbatan zaif bo‘lib qolayotgan davlat boshqaruvi ko‘rsatkichlarining bosqichma-bosqich mustahkamlanishida ham o‘z aksini topmoqda, deya ta’kidladi Fitch.

Davlat qarzining past darajasi, salmoqli tashqi va fiskal zaxiralar, iqtisodiy o‘sishning yuqori salohiyati O‘zbekistonning kuchli tomonlari bo‘lib qolmoqda.

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIMning nisbatan pastligi, xomashyo (oltin) eksportiga yuqori darajada bog‘liqlik, inflyatsiya va moliya tizimi dollarlashuvining yuqori darajada saqlanib qolayotganligi to‘xtatib turuvchi omillar bo‘lib xizmat qilmoqda.

May oyi oxirida S&P Global Ratings agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi suveren kredit reytingini “BB-” darajasida tasdiqlagandi. Kredit reytingi prognozi birinchi marta “barqaror"dan “ijobiy"ga yaxshilandi.

Iyun oyida esa Moody’s Ratings agentligi ham kredit reytingi prognozini “barqaror"dan “ijobiy"ga yaxshiladi, O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingi “Ba3” (“BB-) darajasida tasdiqlandi.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga kichik GESlar qurish uchun $150 mln kredit ajratishi haqida xabar berilgandi.