Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligini qayta tashkil etishni tavsiya qiladi, deyiladi xalqaro moliya tashkiloti press-relizida.
XVJ joriy yilning aprel oyida 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi tasdiqlanganini olqishlab, uning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga chaqirdi.
“Shu bilan birga, ular davlat siyosatini shakllantirishdagi samarali rolini ta’minlash maqsadida 2023-yilda ikkita vazirlikni birlashtirish orqali tashkil etilgan Iqtisodiyot va moliya vazirligini qayta tashkil etishda yanada ilgari siljish zarurligini ta’kidladilar”, — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, XVJ Davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash (PIMA) tavsiyalariga muvofiq quyidagilarni tavsiya qildi:
- moliyalashtirish manbaidan qat’i nazar, davlat investitsiyalarini boshqarish jarayonini unifikatsiyalash;
- budjet limitlarini belgilashda muassasa javobgar bo‘lgan barcha kapital xarajatlarni hisobga olish;
- ushbu limitlarni yirik investitsiya loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan birga budjet hujjatlari tarkibida e’lon qilish;
- kapital va joriy budjetni rejalashtirishning eng yaxshi uyg‘unligi va integratsiyasini ta’minlash.
2022-yilning 21 dekabrda Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi negizida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil etilib, unga Davlat soliq qo‘mitasining o‘sha paytdagi raisi Sherzod Kudbiyev rahbarlik qildi.
2023-yil avgust oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimini egalladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil etilganidan buyon unga rahbarlik qilib kelgan Sherzod Kudbiyev Soliq qo‘mitasi rahbari lavozimiga qaytdi.
Avvalroq XVJ O‘zbekiston Soliq qo‘mitasini isloh qilishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.