Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga mavjud pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi. Xususan, eng kam pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga avtomatik ravishda indeksatsiya qilish taklif etilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga asoslanib, O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida xabarlar tarqalgani yuzasidan Pensiya jamg‘armasi rasmiy munosabat bildirdi.

Jamg‘arma hozirda O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida ekanligini qayd etdi.

Hukumatning tegishli qarori (VMQ-600-son) bilan ishchi guruhi tuzilgan. U amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimidagi muammolarni tahlil qilib, xorijiy tajriba asosida tizim barqarorligini ta’minlashga qaratilgan takliflarni tayyorlaydi.

Shu bilan birga, ishchi guruhga mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Jamg‘arma shundan kelib chiqib, XVJ, Jahon banki, OTB, XMT hamda Xalqaro maslahatchilar kengashi vakillari bilan uchrashuvlar olib borilganini qayd etdi.

Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi bo‘yicha takliflarda quyidagi asosiy vazifalarga e’tibor qaratilmoqda:

  • fuqarolarning pensiya bilan qamrovini oshirish;
  • ijtimoiy adolatni mustahkamlash;
  • keksalikda munosib pensiya bilan ta’minlash;
  • umr ko‘rish davomiyligini hisobga olish;
  • Pensiya jamg‘armasi budjetini balanslashtirish;
  • aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash.

Jamg‘arma muhokamaga sabab bo‘layotgan hujjatlar xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston hukumati uchun tayyorlangan tavsiya va maslahatlar to‘plami ekanini bildirdi. “Bu tavsiyalar yakuniy qaror emas, balki islohot yo‘nalishlarini belgilashda o‘rganilayotgan variantlardan biridir”, — deyiladi xabarda.

XVJ, Jahon banki, OTB, XMTning umumiy tavsiyalari pensiya yoshini oshirish, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar va muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish, amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi o‘rniga butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblashga o‘tish, ijtimoiy badallar stavkalarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga qaratilgan.

Xalqaro maslahatchilar kengashi esa quyidagi tavsiyalarni bergan:

  • O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olib, pensiya yoshini oshirish;
  • fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida ishtirokini ta’minlash;
  • pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasini oshirish;
  • nodavlat pensiya jamg‘armalari joriy qilish.

Shu bilan birga, norasmiy bandlikni kamaytirish orqali pensiya tizimi qamrovini oshirish taklif qilingan. Bunda mehnat migrantlarini pensiya tizimiga jalb qilish uchun ular ishlayotgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama ijtimoiy ta’minot shartnomalarini tuzish nazarda tutilgan.

Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar uyushmasi eksperti tomonidan ko‘p darajali pensiya tizimini joriy qilish, moslashuvchan pensiya yoshini kiritish, minimal pensiya talabini qayta ko‘rib chiqish, ijtimoiy soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki davlat budjetidan subsidiya ajratish, fuqarolarni pensiya tizimida ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Jamg‘arma hozirda ushbu tavsiyalarning barchasi ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotgani, ularning O‘zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga ta’siri tahlil qilinayotganini ta’kidladi.

“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan”, — deyiladi bayonotda.

Pensiya jamg‘armasi pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng, xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

Pensiya islohoti

2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.

Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.

Aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.

Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.

Undan keyin Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq senatorlar pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyani ularning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.

May oyida XVJning respublikadagi doimiy vakili Koba Gvenetadze O‘zbekistonda pensiya islohoti zarurligini ta’kidladi. U hozirgi pensiyaga chiqish yoshi (erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh) jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan past ekanligini qo‘shimcha qildi.

Prezident O‘zbekistonda yoshga doir pensiyalarni proaktiv tarzda tayinlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu fuqarolar pensiya yoshiga yetgan kuni avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

1 iyuldan boshlab pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, bolalar nafaqalari va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam o‘rtacha 10%ga oshiriladi. Xususan:

  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori 918 ming so‘mni;
  • nogironlik bo‘yicha eng kam pensiya miqdori 1 mln 12 ming so‘mni;
  • kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordam 420 ming so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq XVJ O‘zbekiston Soliq qo‘mitasini isloh qilishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.