2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlandi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi ma’lum qildi.

Qabul yakuniga ko‘ra onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.

Ta’lim tili bo‘yicha abituriyentlarning 87% dan ortig‘i (644 027 nafar) o‘zbek tilini tanlagan. Yana 71 476 nafari rus tili, 14 959 nafari qoraqalpoq tili hamda 1 949 nafari boshqa tillarga to‘g‘ri keladi.

Abituriyentlarning yarmidan ko‘pi yoki 386 112 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi. Erkaklar — 346 299 nafar.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar test sinovi uchun to‘lovni 26-iyun kuni soat 23:59 gacha amalga oshirishlari kerakligini eslatdi.

2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilinadi.

Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.

Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.

Mart oyida 2025−2026 o‘quv yili qabuli uchun test sinovi topshiriladigan fanlar bo‘yicha topshiriqlar soni va baholash mezoni tasdiqlandi. Abituriyentlarga jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i beriladi hamda 189 ballgacha to‘plash mumkin.

Avvalroq Spot soha mutaxassislari bilan sirtqi ta’lim shaklidan nima sababdan voz kechilgani hamda bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi borasida suhbatlashib, ularning fikrlarini o‘rgangandi.