Markaziy bank O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar uchun moliyaviy qarzlarni jalb qilishni nazoratga oladi. Bu haqda 26-iyun kuni Markaziy bankning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitilgan Senat yalpi majlisida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, bank tizimi kredit portfelidagi eng katta 50 ta qarzdorning moliyaviy holatga ta’siri o‘rganilgan. Bu bank tizimi faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega yirik tavakkalchiliklarni boshqarish va ularning ehtimoliy ta’sirini baholashga qaratilgan.
Shu asosda, mamlakat iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan moliyaviy qarzlarni jalb qilish tartibini belgilovchi yangi qonunchilik hujjati ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Ishmetov hujjat orqali ushbu kompaniyalar, ularning tarkibidagi tashkilotlar va o‘zaro aloqador korxonalar guruhining moliyaviy qarzlarni jalb etish faoliyati ustidan nazorat va monitoring kuchaytirilishini ta’kidladi.
Yangi tartib bilan yirik qarzdorlar guruhi tasniflanadi. Shu bilan birga, tijorat banklari oldida kredit majburiyatiga ega hamda davlat kafolati ostida tashqi qarz jalb qilmoqchi bo‘lgan xususiy korxonalar uchun aniq mezonlar joriy etiladi.
Markaziy bankning banklar va yirik qarz oluvchilarga nisbatan tartibga solishni kuchaytirish rejalari joriy yilning may oyida ma’lum bo‘lgandi. Regulyator raisi Timur Ishmetov tartibga solishni Bazel III va MHXSga muvofiqlashtirish va moliya sektori bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
“Siyosatimizning ikkinchi yo‘nalishi — tartibga solishni kuchaytirish. Biz qattiqroq bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz. Yil boshida biz banklarga Markaziy bank [tartibga solish]ni kuchaytirishi haqida xabar berganmiz”, — dedi u.
Markaziy bank rahbari so‘nggi paytlarda tartibga solishning kuchaytirilishiga misollar sifatida “kredit-garov” (LTV) koeffitsientining qat’iyroq cheklovlari va ta’minlanmagan kreditlar bo‘yicha yangi talablarni eslatib o‘tdi. Bunda ehtimol, banklarga mikroqarzlar berish bo‘yicha yangi talablar joriy etilishi nazarda tutilgan. Ishmetov “yirik qarz oluvchilar” tushunchasi va ular uchun qoidalar hukumat va Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.