Markaziy bank 2024-yilda O‘zbekistondagi 52 ta moliya tashkilotini jarimaga tortdi. Bu haqda 26-iyun kuni Markaziy bankning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitilgan Senat yalpi majlisida regulyator raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, o‘tgan yilda olib borilgan nazorat tadbirlarida sinov tariqasida to‘rtta bank namunasi asosida 14 ta bankning risk profili baholangan. Uning natijasida banklarga tegishli choralar ko‘rilib, zaifliklarni bartaraf etish topshirildi. Qonunchilik talablariga rioya qilmagan banklar va mikromoliya tashkilotlariga nisbatan ayrim operatsiyalarni to‘xtatish va jarima undirish kabi choralar ko‘rilgan.
Xususan, valyuta va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi qonunbuzarliklar uchun 28 ta bank va 24 ta mikromoliya tashkilotidan 16,6 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $1,31 mln) miqdorida jarima undirildi.
Aholiga ajratilgan kreditlarning tavakkalchilik darajasini baholash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli kreditlarni aniqlash uchun regulyator ipoteka kreditlari, avtokreditlar va mikroqarzlarning sifat jihatidan davriy o‘zgarishini o‘rganmoqda hamda banklarning kredit portfeli tarkibini diversifikatsiya qilish choralarini belgilab oldi.
Bundan tashqari, mikroqarzlar konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan banklarda ortiqcha resurslar kichik biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Kapital monandligi hisobida aholiga ajratilgan ipoteka va avtokreditlar bo‘yicha tavakkalchilik darajalari qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichi va ta’minotga nisbatida belgilanadi.
May oyida Markaziy bank 17 ta bankni ustav kapitalining eng kam miqdori bo‘yicha talablarga rioya etmagani va hududlarda muammoli kreditlarni undirish rejalarini bajarmagani uchun sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirdi. Tekshiruvlar davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun yana 13 ta bank jarimaga tortildi.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.