30-iyundan boshlab Polshada to‘liq ish haqi saqlangan holda to‘rt kunlik ish haftasining tajriba modeli boshlanadi. Bu haqda UNN nashri xabar berdi.

Tashabbus moslashuvchan ish jadvalini taklif qilish orqali xodimlarning turmush sifatini yaxshilash va demografik inqirozga qarshi kurashishga qaratilgan.

Xodimlarga muqobil variantlar — 4 kunlik ish haftasiga o‘tish, kundalik ish vaqtini 6 soatgacha qisqartirish yoki ko‘proq haq to‘lanadigan ta’til kunlarini olish taklif etiladi.

Kompaniyalar mehnatni tashkil etishning aniq modelini mustaqil ravishda belgilashlari mumkin bo‘ladi. Masalan, ular odatdagi 5 kunlik ish haftasini saqlab qolishlari, lekin uni qo‘shimcha dam olish kunlari bilan qoplashlari mumkin. Bunday dam olish kunlari sonini ish beruvchi belgilaydi.

Yangi tizimga moslashishni osonlashtirish uchun korxona va davlat idoralariga tashkiliy o‘zgarishlar uchun 1 mln zlotiygacha moliyaviy ko‘mak beriladi.

Hukumat islohotni demografik inqirozga qarshi kurash strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rmoqda. Polsha Yevropaning eng band mamlakatlaridan biri bo‘lganligi sababli, ishchi kuchining intensiv bandligi oilaviy hayot va tug‘ilish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ish vaqtining qisqarishi ishchilarga o‘z oilalariga ko‘proq e’tibor qaratish imkonini berishi kutilmoqda, bu esa o‘z navbatida tug‘ilishning ko‘payishiga va ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishiga hissa qo‘shishi mumkin.

Dunyodagi to‘rt kunlik ish haftasi

Tokioda tug‘ilish darajasini oshirish uchun to‘rt kunlik ish haftasi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Farzandlari maktabning quyi sinflarida o‘qiyotgan ota-onalar qisqartirilgan ish kunini tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Yaqinda Islandiyada ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish haftasi ijobiy natija ko‘rsatdi. Xodimlar ish jadvalidan ko‘proq mamnunlik va shaxsiy hayotlarida stressning kamayganini ta’kidladilar.

Xuddi shunday tajriba oktyabr oyi oxirida Germaniyada yakunlandi, unda dasturda ishtirok etgan kompaniyalarning 73%i to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tdi. O‘tgan yili muvaffaqiyatli sinovdan so‘ng 56ta Britaniya kompaniyasi ham qisqartirilgan ish jadvalini joriy etishga qaror qildi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada ming nafar xodim to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tkazildi. Tajriba doirasida ishtirokchilar ish haqini kamaytirmasdan bir kun kam ishlaydilar.

Spot O‘zbekistonda to‘rt kunlik ish haftasini joriy etish imkoniyati haqida biznes vakillari fikrlarini keltirdi.