O‘zbekiston aholisining qariyb 40%i o‘tgan yili pul jamg‘armagan. Bu haqda Markaziy bankning Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida o‘tkazilgan so‘rovnomasida keltirilgan.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida olib borilgan miqdoriy tadqiqotda mamlakatning 6 ta hududidan 1200 nafar aholi ishtirok etdi: Qoraqalpog‘iston (shimoli-g‘arbiy), Samarqand va Jizzax viloyatlari (markaz), Qashqadaryo viloyati (janub), Toshkent shahri hamda Farg‘ona viloyatlari (sharqiy). Sifatli so‘rov mamlakatning beshta hududidan 198 respondentni qamrab oldi.
2011-yilda so‘rovda qatnashganlarning 1%idan kamrog‘i rasmiy moliyaviy muassasalarda jamg‘armaga ega bo‘lgan. Biroq iqtisodiy islohotlar boshlanganidan so‘ng, Markaziy bank ijobiy tendensiya kuzatilganini qayd etmoqda: 2017-yilda bu ko‘rsatkich 1,2%, 2021-yilda — 2,6%, 2025-yilda esa — 7,4%.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda pul jamg‘arish xulq-atvori hudud, ta’lim darajasi va bandlik holatiga ko‘ra aniq farqlarni namoyon etadi.
Masalan, respondentlarning katta qismi (39%) o‘tgan yilda umuman pul jamg‘armaganliklarini ma’lum qilgan. Toshkent shahrida so‘nggi 12 oy ichida mablag‘ yig‘magan qatnashchilar ulushi 25% ni tashkil etgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu 54% — eng past ko‘rsatkichga yetgan.
Ta’lim darajasi — jamg‘arish odatiga ta’sir qiluvchi muhim omillardan biridir. Oliy ma’lumotli o‘zbekistonliklarning atigi 27%i pul jamg‘armaydi, 8−9-sinfni tamomlaganlar orasida esa bu ko‘rsatkich — 53%.
Bandlik darajasiga ko‘ra eng faol jamg‘aruvchilar talabalardir. So‘nggi bir yilda umuman jamg‘armaga ega bo‘lmaganlar ulushi pensionerlar orasida 46% ni tashkil etadi. Ishchilarda bu ko‘rsatkich 32%, talabalar orasida esa 26% ga teng.
2025-yilning 1-iyun holatiga banklardagi depozitlar hajmi 345,6 trln so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Shuning 134,5 trln so‘mi jismoniy shaxslar, 211,1 trln so‘mi esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda muddatli to‘lovlar bozorini tartibga solishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.