YouTube AQShlik foydalanuvchilar uchun sun’iy intellektga asoslangan ikkita yangi funksiyani ishga tushirdi.
Birinchisi — qidiruv natijalari karuseli bo‘lib, u kontent yaratuvchilarining videolari va mavzu tavsiflarini tanlash uchun sun’iy intellektdan foydalanadi.
Bunda YouTube videolarni ochmasdan turib ulardagi kerakli ma’lumotni tezda topish uchun SI-xulosalarini sinovdan o‘tkazmoqda.
Misol uchun, “Gavayidagi eng yaxshi plyajlar” degan so‘rovga foydalanuvchilar snorkling va vulqon plyajlari haqidagi videolavhalar to‘plamini, shuningdek, dam olishni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalarni ko‘radilar. Ushbu funksiya YouTube Premium obunachilari uchun xarid qilish, sayohat va dam olish mavzularidagi so‘rovlarda mavjud.
Ikkinchi funksiya — ilgari faqat Premium foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘lgan Conversation AI vositasi, endi obuna bo‘lmagan ayrim foydalanuvchilarga ham ochiq bo‘ladi.
Bu vosita videolar bo‘yicha savollar berish, tavsiyalar olish va o‘quv materiallari yuzasidan testlardan o‘tish imkoniyatini taqdim etadi, shu orqali yangi mavzularni o‘zlashtirishni osonlashtiradi.
May oyida YouTube videodagi “avj nuqtalar"dan keyin darhol reklamalarni ko‘rsatishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
Kompaniya Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan YouTube Upfront taqdimotida Peak Points formatini e’lon qildi.
Masalan, mashhur juftlik nihoyat unashtirilgan payt va klipdan so‘ng darhol reklama paydo bo‘ladi, deb yozadi TechCrunch.
Google Gemini videolardagi “avj nuqtalar"ni aniqlaydi. Reklama tomoshabinlarning e’tiborini maksimal darajada jalb qilish uchun bunday epizodlardan so‘ng darhol ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
TechCrunch nashrining ta’kidlashicha, hissiy ko‘tarinkilik holatida tomoshabinlar reklama xabarlarini yaxshiroq eslab qolishadi.
Avvalroq Spot YouTube jonli efir o‘tkazish uchun minimal yosh talabini oshirishi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, 22-iyuldan videoxostingda kattalar nazoratisiz jonli efir o‘tkazish imkoniyati 16 yoshdan qilib belgilanmoqda.