O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 694,97 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 40 so‘m 84 tiyinga oshdi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda iyun oyida dollarning rasmiy kursi qanday o‘zgargani haqida yozgandi.

O‘zbek so‘mi ketma-ket ikkinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanishda davom etdi. Iyun oyida milliy valyuta 114 so‘mga qimmatlashdi (+0,89%).

O‘tgan yilning dekabr oyida Spot tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning zaiflashish sur’atlari pasayishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi xatarlar hamda 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida suhbatlashgandi.

Ekspertlar joriy yil yakuni bo‘yicha dollar kursi 13 340−14 ming so‘m oralig‘ida shakllanishini kutmoqda. Milliy valyuta oltinning sotilishi va o‘sishiga, jalb qilinadigan xorijiy kreditlar va investitsiyalarga, Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalar hajmiga, import oshishiga hamda global iqtisodiyot holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42,4 mlrddan ortiqni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.