Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi, katta ehtimol bilan, 1-iyuldan boshlanadigan Daniyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi paytida uzil-kesil tasdiqlanadi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ilgari ma’lum qilganidek, agar respublika 2028-yil yanvaridan Rossiya gazidan voz kechsa, Gazprom 20 mlrd yevrolik da’vo arizasi kiritishi mumkin.
Fitso bu masalalarning barchasi hal etilmaguncha, Slovakiya Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 18-paketiga ovoz bermasligini tasdiqladi.
“Paket Polsha raisligida qabul qilinishi dargumon va seshanba kuni estafetani qabul qiladigan daniyaliklar tomonidan uzil-kesil tasdiqlanishi kerak”, — deyiladi nashrda.
Yangi sanksiyalarning qabul qilinishiga Vengriya va Slovakiya qarshilik ko‘rsatayotgani ta’kidlanmoqda. O‘tgan hafta Bratislava Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlariga bitimni hozirgi holatida ma’qullamasligini bildirdi va kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun Yevropa Komissiyasi (YeK) vakillarining 3-iyuldagi tashrifini kutayotganini ma’lum qildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Slovakiya Bryusseldan bir qator imtiyozlarni, xususan, uning kompaniyalari Rossiya firmalari bilan shartnoma shartlarini buzganlik uchun sudlanmasligi, tranzit to‘lovlarini qoplash, shuningdek, sanksiyalar rejasi faqat Bratislava tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangandagina YeK tomonidan ma’qullanishi kafolatlarini olishni xohlaydi.
Iyun oyi boshida Slovakiya bosh vaziri agar Yevropa komissiyasi energiya manbalari bilan bog‘liq vaziyatni real hal qilishni taklif qilmasa, respublika Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning 18-paketini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan edi.
Shuningdek, u Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga energiya resurslarini yetkazib berishni davom ettirish tarafdori bo‘lib qolishini aytdi, chunki ularning to‘xtatilishi energiya narxiga va Yevropa raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Avvalroq Spot AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, AQSh senati kelasi haftada yangi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.