Telegram dezinformatsiyaga qarshi kurashish maqsadida yangi funksiyani sinov tariqasida ishga tushirdi. Bu haqda Kod Durova Telegram kanalida xabar berdi.

Qayd etilishicha, gap shubhali deb topilgan xabarlar ostida joylashtirilgan Fact Check paneli haqida bormoqda. Hozircha ushbu yangilik faqat Android uchun ilovaning beta-versiyasidagina mavjud.

We TON Telegram kanalida messenjerning Rossiyadan chiqib ketishi haqidagi yolg‘on ma’lumot joylashtirilgan post ostida “Faktlarni tekshirish” belgisi paydo bo‘ldi (Funksiya messenjerning beta-versiyasida ko‘rinadi). Xabar ostida iqtibos shaklida ajratilgan blokda messenjer asoschisi Pavel Durov bunday bayonotlar bermaganligi ta’kidlangan.

Funksiyada mustaqil agentliklarning raddiyalari ilova qilingan postlar ostiga “Faktlarni tekshirish” panelini avtomatik ravishda qo‘shish ko‘zda tutilgan.

Bunday har bir oynada qisqacha xulosa va to‘liq tekshiruvga havola, shuningdek, tashkilotning nomi va uning ixtisoslashuvi ko‘rsatilgan imzo mavjud bo‘ladi.

Telegram’ning aniqlik kiritishicha, tekshiruv platforma tomonidan emas, balki foydalanuvchining joylashuvi hisobga olingan holda tanlangan hamkor agentliklar orqali amalga oshiriladi.

Misol uchun, Rossiya telefon raqamiga ega foydalanuvchilarga, agar bunday tuzilmalar tizimga ulangan bo‘lsa, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruv ko‘rsatiladi.

Interfeys “Fact Check” belgisi bilan to‘r ko‘rinishida ishlab chiqilgan. U asl nashrni yashirmaydi va to‘smaydi, balki faqat kontekst uchun qo‘shimcha ma’lumot beradi.

Telegram hozircha tizimga qaysi agentliklar ulangani va ular qanday mezonlar asosida tanlanayotgani haqida ma’lumot bermayapti. Shuningdek, tizim shifrlangan suhbatlarda ishlashi yoki faqat ochiq kanallarda faoliyat ko‘rsatishi hali noma’lum.


Avvalroq Spot Telegramda vazifalar ro‘yxatini yaratish funksiyasi paydo bo‘lishi haqida yozgandi.

Funksiya kelgusi versiyalarda paydo bo‘lib, faqat Telegram Premium obunachilari uchungina taqdim qilinishi mumkin.