Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining (OIIB) O‘zbekiston bilan $71,1 mln miqdorida kredit ajratish bo‘yicha muzokaralari yakunlandi.

Ushbu kredit umumiy qiymati $173,4 mln bo‘lgan ikki bosqichli moliyalashtirishning birinchi qismi bo‘lishi kutilmoqda. Uni taqdim etish to‘g‘risidagi qaror OIIB prezidenti tomonidan ma’qullanishi kerak.

Kreditning birinchi qismi Xorazm viloyatidagi, ikkinchi qismi esa Qoraqalpog‘istondagi qishloq yo‘llariga yo‘naltiriladi.

Loyiha ikkala hududdagi bozorlar hamda ijtimoiy xizmatlar bilan iqlim o‘zgarishlariga bardoshli va inklyuziv transport aloqasini rivojlantirishga qaratilgan.

Iyun oyida OIIB O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini yaxshilashga yordam berishi haqida xabar berilgandi.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining investitsiyalar bloki rahbari Konstantin Limitovskiy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish borasida bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.

Xususan, tomonlar A380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘lining 150 — 228-km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi (328,1 km) hamda Xorazm viloyatidagi (188 km) umumiy foydalanuvdagi mahalliy ahamiyatga ega 516,1 km avtomobil yo‘llari qismlarini to‘la ta’mirlash loyihasi bo‘yicha hamda istiqbolda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuv amalga oshirildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va OIIB loyihalar portfelini $4 mlrdga oshirishi haqida yozgandi.

Mamlakatda yashil ma’lumotlar markazlari yaratiladi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga $100 mlnlik yashil sertifikatlar bozori shakllantiriladi.