2022-yil noyabr oyida ChatGPT ishga tushirilganidan beri Buyuk Britaniyada yosh mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari soni deyarli uchdan bir qismga kamaydi. Bu haqda The Guardian nashri Adzuna qidiruv tizimi ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Gazetaning ta’kidlashicha, kompaniyalar endi talabalarni yollash o‘rniga maxsus ko‘nikmalar talab qilmaydigan ishlarni bajarish uchun sun’iy intellektdan foydalanmoqda.
Natijada bitiruvchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari va oliy ma’lumotini tugatmagan shaxslar uchun kompaniyalardagi boshlang‘ich lavozimlar soni 32%ga kamaygan.
Hozirda ushbu boshlang‘ich darajadagi bo‘sh ish o‘rinlari Buyuk Britaniya mehnat bozorining 25%ini tashkil etmoqda, 2022-yilda esa bu ko‘rsatkich 28,9% edi.
Adzunaning ta’kidlashicha, bu tendensiya ayniqsa chakana savdo sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu sohada yosh mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari soni 2022-yil noyabr oyidan boshlab 78%ga keskin qisqargan. Shuningdek, IT sohasida ham 55%lik, buxgalteriya va moliya sohasida esa 51%lik jiddiy pasayish kuzatilgan.
Anthropic sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchi kompaniyasi rahbari Dario Amodei ushbu texnologiya kelgusi besh yil ichida barcha boshlang‘ich darajadagi ofis ish o‘rinlarining yarmini yo‘q qilishi va ishsizlikning 10−20%ga oshishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bundan oldin mazkur kompaniya top-menejeri Jeyson Klinton kompaniyalar 2026-yilda virtual sun’iy intellekt xodimlarini ishga olishni boshlashi haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ular uchun alohida lavozimlar, korporativ hisoblar va parollar yaratadi.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistonida dunyodagi birinchi shifokorlarsiz klinika ochilgani haqida yozgandi.
Bemorlarni Hua ismli intellekt shifokori qabul qiladi, planshet orqali shikoyatlarni to‘playdi, tibbiy ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi va davolash rejasini beradi.