O‘zbekistonda qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etish rejalashtirilmoqda. Taklif Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (O‘zstandart) tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

1-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qurilish materiallari sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasining asosiy maqsadi “chiqindilarning fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash"ga qaratilgan.

“Qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etilmoqda”, — deyiladi parlament quyi palatasi xabarida.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida qurilish oynasining sifati yaxshilanishi bilan birga, mahalliy ishlab chiqarilzyotgan qurilish oynasi eksporti hajmi ko‘payishi kutilmoqda.

O‘zstandart direktori Akmal Jumanazarov o‘z nutqida O‘zbekistonda yiliga 408 ming tonna shisha chiqindilari to‘planishini, shundan o‘tgan yili umumiy hajmning atigi 9%i yoki 37 ming tonnasi utilizatsiya qilinganini ta’kidladi. “Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda,” — dedi u.

Agentlik chiqindilarni qayta ishlash, tegishli infratuzilmani yaratish va ularni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun qurilish oynasi uchun utilizatsiya yig‘imini joriy etishni taklif qilmoqda. Qonun loyihasini tayyorlashda O‘zstandart “milliy manfaatlar va norma ijodkorligi"ni hisobga olgan holda Rossiya, Belarus hamda Qirg‘izistonning qonunchilik tajribasini o‘rganib chiqdi.

Hujjat 5 ta manfaatdor idora bilan kelishilgan va Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Qonun loyihasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va “Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi: 105 deputat uni yoqlab ovoz berdi, 4 nafari qarshi chiqdi, 5 nafari betaraf qoldi, yana 14 nafari esa ovoz bermadi.

Avvalroq O‘zbekistonda yirik hisob-kitoblarni naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.