Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan aholining ijtimoiy nafaqalari va moddiy yordam mablag‘larini ularning roziligisiz avtomatik tarzda yechib olinishini insofsiz amaliyot sifatida baholadi. Bu haqda regulyatorning 30-iyun kuni kredit tashkilotlariga yuborilgan xatida ma’lum qilindi.

Markaziy bankka murojaat qilgan fuqarolar nafaqa va moddiy yordam mablag‘lari bank kartalariga tushgach, kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun avtomatik tarzda yechib olinayotganini bildirgan.

Regulyator aholining zaif qatlami, jumladan kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lgan fuqarolarga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalar va shu kabi boshqa moddiy yordam pullari davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya mablag‘lari hisoblanishini qayd etgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 57-moddasi bilan davlat mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlarini himoya qiladi.

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasida esa shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Markaziy bank fuqarolarga beriladigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish uchun akseptsiz usulda yechib olinishini adolat tamoyillariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholadi.

Shundan kelib chiqib, regulyator barcha kredit tashkilotlariga ichki tartiblar va avtomatik undiruv tizimlarini qayta ko‘rib chiqib, ijtimoiy to‘lovlarni ruxsatsiz qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirish amaliyotini cheklashni topshirdi. Ular fuqarolardan shikoyat kelib tushsa, qarzdorlikni undirishni to‘xtatishi va yechib olingan mablag‘larni qaytarib berishi kerak.

Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarda adolatli bo‘lishga va bunday insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirmoqda.

May oyida regulyator kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyot sifatida baholanadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi. Bu iste’molchilarning moddiy zarar ko‘rishiga hamda bank-moliya sektoriga bo‘lgan ishonchning pasayishiga olib kelmoqda.

Avvalroq Markaziy bank 2024-yilda 52 ta moliya tashkilotidan 16,6 mlrd so‘m jarima undirgani haqida xabar berilgandi. Shundan 28 tasi tijorat banki hamda 24 tasi mikromoliya tashkiloti hisoblanadi.