26-iyun kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan yangi xizmatlarni joriy etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2027-yildan ushbu idoralarning tuman va shahar bo‘limlari faoliyati tugatilib, 1−3 shtat birligidan iborat ixcham xizmat ko‘rsatish ofislari tashkil etiladi. Ularga har bir tuman va shaharlardagi biznes jarayonlari va funksiyalar qamrab olinadi.

2026-yilning 1-iyulidan g‘aznachilik tizimidagi jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga Raqamli g‘azna tizimi joriy etiladi. Tizim quyidagilarga qaratilgan:

  • biznes-intellekt (Business intelligence) texnologiyalari orqali ma’lumotlarni tahlil qilish, likvidlilikni ta’minlashda qisqa va uzoq muddatli prognozlarni ishlab chiqish hamda SI texnologiyalari asosida g‘aznachilik operatsiyalarini amalga oshirishda inson omilini kamaytirish;
  • chet el valyutasidagi operatsiyalarni raqamlashtirgan holda amalga oshirish uchun Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimini Butunjahon banklararo moliyaviy telekommunikatsiyalar hamjamiyati (SWIFT) tizimiga integratsiya qilish;
  • davlat xaridlari va to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni “E-risk” dasturiy majmuasida avtomatik aniqlash va ular asosida ogohlantirish hamda xabardor qilish mexanizmini joriy qilish.

Kelasi yilning 1-dekabridan “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi. U orqali fuqarolar o‘z pensiya miqdorini ish staji va ish haqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari asosida oldindan aniqlashlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlar to‘liq proaktiv, elektron hamda interaktiv shaklga o‘tkaziladi.

G‘aznachilik qo‘mitasi va Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limlaridagi ayrim vazifalarni boshqarmalarga o‘tkazish orqali boshqaruv shtat birliklari soni 1 080 taga maqbullashtiriladi. Uning yarmidan ko‘pi qo‘mitaning tuman va shahar bo‘limlaridagi shtatlarga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, 2026-yilning 1-dekabridan pensiyalarni to‘lashda elektron imzo va biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) tizimi yo‘lga qo‘yiladi, Call-markaz'ga esa sun’iy intellektni joriy etiladi.

Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga mavjud pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi. Pensiya jamg‘armasi pensiya islohoti bo‘yicha har qanday takliflar jamoatchilik muhokamasi asosida amalga oshirilishini ma’lum qildi.