Rossiyada migrantlar uchun qoidalar kuchaytirilishda davom etmoqda. Endi uyali aloqadan foydalanish uchun ular biometrik ma’lumotlarni topshirishlari shart, rasmiylar esa ular uchun bir nechta yangi to‘lovlarni joriy etishni rejalashtirmoqda.

Mobil aloqa

Rossiyadagi chet el fuqarolari mobil aloqadan foydalanish uchun biometrik ma’lumotlarini topshirishlari shart bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.

1-iyuldan boshlab chet elliklar uyali aloqa operatorlari bilan shartnomalarni faqat Yagona biometrik tizimda ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng tuzishlari mumkin.

Bunda bir kishiga eng ko‘pi bilan 10 ta SIM-karta rasmiylashtirishga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, ular ilgari tuzilgan shartnomalarini ham qayta rasmiylashtirishlari talab etiladi.

Kompaniyalar shartnomalarni qayta rasmiylashtirmagan va biometrik ma’lumotlarni topshirmagan migrantlar bilan aloqani bosqichma-bosqich uzadi. Birinchi bosqichda kamida oxirgi 3 oy davomida faol bo‘lmagan raqamlar faolsizlantiriladi.

Faol abonentlar uchun avval xalqaro va shaharlararo aloqa xizmatlari cheklanadi, internet tezligi pasaytiriladi. Agar ular 30 kun ichida shartnomani yangi qoidalar bo‘yicha qayta rasmiylashtirmasa, aloqa xizmatlari butunlay to‘xtatiladi.

Rossiyada xorijliklar uchun mobil aloqaning yangi qoidalari 2025-yil boshidan beri amal qiladi va firibgarlarga qarshi kurashishga qaratilgan. Endi SIM-karta olish uchun migrantlar “Davlat xizmatlari” portalida ro‘yxatdan o‘tishlari, SNILS olishlari va biometrik ma’lumotlarini topshirishlari kerak.

Vazirlik 30-iyundan boshlab Rossiyaga tashrif buyurishni rejalashtirgan chet elliklar ruID ilovasi orqali kirish uchun ariza topshirishlari va biometrik ma’lumotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkinligini eslatdi.

Shundan so‘ng, migrant bank bo‘limida o‘z akkauntini va biometrik ma’lumotlarini tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qayta suratga tushish va ovoz yozib olish talab qilinmaydi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Rossiyadagi xorijliklarga ularga rasmiylashtirilgan raqamlar sonini “Davlat xizmatlari” orqali tekshirishni tavsiya qiladi. O‘z tashabbusingiz bilan keraksiz SIM-kartalar bo‘yicha kelishuvlarni bekor qilish va qolgan raqamlar uchun aloqa salonida shaxsni tasdiqlash taklif etiladi.

Bojlar

Moliya vazirligi migrantlar uchun bir qator yangi bojlar va yig‘imlarni joriy etishni hamda mavjudlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi. Izvestiya nashrining yozishicha, hujjat tegishli idoralar tomonidan allaqachon ma’qullangan.

Xususan, chet elliklar turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilish uchun 500 rubl (Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha 80 ming 800 so‘m) to‘lashlari kerak bo‘ladi. Vaqtinchalik yashash muddatini uzaytirish 1000 rubl (161 ming 600 so‘m), ish ruxsatnomasini olish esa 4200 rubl (678 ming 720 so‘m) turadi.

Bundan tashqari, vizasiz rejim mavjud mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlariga ishlash uchun patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish uchun 4200 rubl miqdorida yig‘im joriy etish taklif etilmoqda. Hujjat nusxasi yoki unga o‘zgartirish kiritish uchun esa 2100 rubl (339 ming 360 so‘m) to‘lash lozim bo‘ladi.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi chet ellik fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini ikki baravardan ortiqroq — 1000 rublgacha ko‘tarishni taklif etmoqda. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yangi tartib Rossiya davlat budjetiga qo‘shimcha 17 mlrd rubl daromad keltirishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Moskva va Moskva viloyatida migrantlarni geolokatsiya bo‘yicha kuzatish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, buning uchun 1-sentabrdan boshlab mehnat migrantlari o‘z telefonlariga maxsus ilovani yuklashlari shart bo‘ladi.