O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” xalqaro ta’lim dasturi ishga tushirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha Dubay valiahd shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad bin Rashid Al Maktum tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro dastur hisoblanadi. O‘zbekistonda loyiha Dubay sun’iy intellekt markazi va Dubay kelajak jamg‘armasi ko‘magida yo‘lga qo‘yildi.

Dastur sun’iy intellekt tizimlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, etik normalar va generativ sun’iy intellekt texnologiyalarining zamonaviy vositalarini o‘zlashtirishga qaratilgan. Unda talabalar, tadbirkorlar va texnologiyalarga qiziquvchi mutaxassislar bepul ishtirok etishlari mumkin.

Dastur quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

  • Sun’iy intellekt asoslari;
  • Generativ sun’iy intellekt;
  • Prompt muhandisligi;
  • Sun’iy intellektdan xavfsiz va etik foydalanish;
  • Ta’lim, biznes va davlat boshqaruvida sun’iy intellekt qo‘llanilishi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi loyihani “mamlakat raqamli transformatsiyasining muhim elementi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlovchi va global raqamli iqtisodiyot talablariga javob beradigan inklyuziv ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiluvchi tashabbus” sifatida baholadi.

Dasturda ishtirok etish istagida bo‘lganlar omp.aistudy.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Bir million prompterlar

O‘zbekistonda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushirilishi Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida ma’lum bo‘lgandi. Prezident BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlash vaziri Omar Sulton Al-Olama bilan muzokaralar doirasida bu bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.

Muloqotda Umar bin Sulton al-Olama O‘zbekistonda “1 mln dasturchi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, dastur IT-sohasida xalqaro kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda mintaqada yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Biz unga erishishda o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz. Sun’iy intellekt muhim yo‘nalishlardan biriga aylanadi. Prezident amaliy qo‘llaniladigan SIni ko‘rish istagida, uning qiymati sezilarli darajada bo‘lishi kerak”, — dedi BAA sun’iy intellekt vaziri.

10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumining yalpi majlisida O‘zbekistonda milliy “Bulutli texnologiyalar” platformasi hamda sun’iy intellekt modeli yaratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 20 ta data-markaz qurilishi va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirilishi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqi davomida mamlakatimizda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” global ta’lim tashabbusi yo‘lga qo‘yilishini e’lon qilgan edi.

30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa BAA bilan hamkorlikdagi dastur ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Shu yilning o‘zida “AI study” platformasi orqali kamida 100 ming yoshlar sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganishi ko‘zda tutilmoqda.

Spot huquqshunos va texnologik siyosat bo‘yicha ekspert Ammar Yunus bilan O‘zbekistonga o‘z sun’iy intellekt modeli nima uchun zarurligi va nega global trendlardan andoza olmaslik muhimligini muhokama qilgandi.

Avvalroq O‘zbekiston sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga $50 mln yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish va kommunal sohalarda “raqamli hukumat” tizimini yaratishni boshlash rejalashtirilmoqda.