Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga $1 mlrdga yetkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm, bank va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Kooperatsiya dasturi qabul qilinayotgani ta’kidlandi.

Qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlar kengashi hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumi kabi hamkorlikning yangi formatlari qo‘llab-quvvatlandi.

Transport-kommunikatsiya sohasidagi sheriklikda O‘rta yo‘lakni rivojlantirishda ishtirok etish loyihalari muhokama qilindi. Ushbu yo‘lak orqali tashilayotgan O‘zbekiston yuklari hajmi 25% ga — 1 mln tonnadan ziyodga oshgani qayd etildi. Mart oyidan boshlab yuk tashishda elektron ruxsatnomalarga o‘tildi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi qarorini qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida quyidagi ikki tomonlama hujjatlar almashildi:

  • Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025−2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi;
  • 2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni $1 mlrdga yetkazish dasturi;
  • 2025−2027 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;
  • 2025−2027 yillarda ijtimoiy himoya sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  • Kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuvlar.

2023-yil avgust oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish, Boku va uchinchi davlatlar portlarida omborlar va logistika markazlarini qurish imkoniyatlarini muhokama qilgandi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Trend nashri xabardor manbasiga tayanib, O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda parom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Loyihani moliyalashtirish hajmi $150 mln ni tashkil etadi.

Tomonlar transport va tranzit sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni ham ishlab chiqmoqda. Ular orasida ombor infratuzilmasini birgalikda qurish va Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashishni rivojlantirish uchun qo‘shma korxona tashkil etish bor.

Avvalroq O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston Yevropaga yashil energiya koridori doirasida qo‘shma korxona tuzgani haqida xabar berilgandi. Bokuda joylashgan kompaniyaning bosh direktori Ozarbayjon Energetika vazirligi va SOCAR kompaniyasining sobiq xodimi Farhod Mammadov bo‘ldi.