Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Oxirgi besh yilda soha eksporti $170 mlndan $1 mlrdga yaqinlashgani qayd etildi. Internet tezligi 7 barobar, mobil internet esa 4,5 barobar oshdi. O‘tgan yili sohadagi startaplarga $70 mln venchur investitsiya kiritildi.

Bularning natijasida Global startaplar indeksi reytingida O‘zbekiston 12 pog‘ona yuqorilab, TOP-100likka kirdi. O‘tgan yili Sun’iy intellektga tayyorlik xalqaro indeksida 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.

Kelasi yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirishni 70%ga, IT xizmatlari miqdorini 100 trln so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Elektron hukumat rivojlanish indeksida kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun qator hujjat loyihalari ishlab chiqilgan.

Davlat rahbari endi keyingi “Raqamli hukumat” bosqichiga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Buni, eng avvalo, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ta’lim, tibbiyot, qurilish va kommunal sohalardan boshlash kerakligi aytildi.

Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan edi. Bu sohada infratuzilmani yaxshilashga $50 mln ajratildi. Sun’iy intellekt milliy modelini yaratib, 1 mln nafar mutaxassis tayyorlash vazifasi belgilangan.

Sohadagi xizmatlar hajmi va eksportini oshirish ham muhim vazifalardan biri bo‘lib, hozirda bu boradagi ko‘rsatkichlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

O‘zbekistondagi sharoit va imtiyozlar natijasida boshqa relokantlar ham yurtimizga kelishdan manfaat ko‘ryapti. Shu bois har bir hududda jozibador muhit yaratib, chet el kompaniyalarini jalb etish muhimligi ta’kidlandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 100 mingga yaqin yoshlar AI study platformasida sun’iy intellektga o‘qitilishi haqida yozgandi.

Prezident sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetika yo‘nalishlarida 100 ta loyiha amalga oshirilishini ma’lum qildi.