Avvalroq 1-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiyalar sohasidagi rejalar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston sun’iy intellekt uchun infratuzilmani rivojlantirishga $50 mln yo‘naltiradi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga O‘zbekistonda davlat idoralari faoliyatiga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha 100 ta ustuvor loyiha taqdim etilganini qayd etdi. Ularning bir qismi davlat rahbari tasdig‘idan o‘tgan.
“Biz allaqachon Nvidia chiplarida kichik GPU klasterini ishga tushirdik, undan birinchi navbatda sog‘liqni saqlash sohasiga sun’iy intellektni joriy etishda foydalaniladi. Hozir katta klaster bo‘yicha ishlayapmiz”, — dedi vazir.
Prezident aholiga sun’iy intellekt asoslarini o‘rgatishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Buning uchun BAA tomonidan taqdim etilgan bepul kurslarga ega aistudy.uz platformasi yaratildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi boshqa davlatlar bilan hamkorlikda platformaga yangi o‘quv kurslarini qo‘shishni rejalashtirmoqda.
2024-yil oxirida raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun yirik GPU klasterini yaratish rejalarini e’lon qilgandi.
Ekspertizadan o‘tgan kompaniyalar quyidagi quvvatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi:
- bepul: ijtimoiy vazifalarni hal qiladigan loyihalar uchun (masalan, tibbiyot yoki shahar loyihalarida);
- tijorat asosida: tijorat salohiyatiga ega mahsulotlar uchun.
Shuningdek, startaplarga sun’iy intellekt modellarini boyitish uchun zarur ma’lumotlar taqdim etiladi. Ushbu yondashuv, uning fikricha, mamlakatda “sun'iy intellektning keskin rivojlanishi uchun poydevor” bo‘ladi, chunki muhim ma’lumotlar va hisoblash quvvatlaridan har doim ham mamlakat tashqarisida foydalanish mumkin emas.
Iyun oyida Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos Gazeta’ga bergan intervyusida sun’iy intellekt loyihalari uchun “qumdon” doirasida sinovdan o‘tkazish uchun kichik GPU klasteri olinganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, yil oxirigacha Blackwell B200 seriyali yangi NVIDIA protsessorlari asosida yirik klaster yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. U orqali sun’iy intellekt sohasidagi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni bepul o‘zlashtirish mumkin.