2-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev “Zagulba” qarorgohida tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiy kooperatsiya yilida tovar ayirboshlash hajmi 25% ga oshdi. Loyihalar portfeli $4 mlrdga yetgan. 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bokuda “O‘zbekiston” bog‘i qurilishi boshlanib, Ozarbayjondagi O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochiladi.
Parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga $1 mlrdga yetkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm, bank va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Kooperatsiya dasturi qabul qilinayotgani ta’kidlandi.
Qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlar kengashi hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumi kabi hamkorlikning yangi formatlari qo‘llab-quvvatlandi.
Transport-kommunikatsiya sohasidagi sheriklikda O‘rta yo‘lakni rivojlantirishda ishtirok etish loyihalari muhokama qilindi. Ushbu yo‘lak orqali tashilayotgan O‘zbekiston yuklari hajmi 25% ga — 1 mln tonnadan ziyodga oshgani qayd etildi. Mart oyidan boshlab yuk tashishda elektron ruxsatnomalarga o‘tildi.
Shuningdek, Yevropaga “yashil” elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani tayyorlashni jadallashtirishga kelishib olindi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Avvalroq O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston Yevropaga yashil energiya koridori doirasida qo‘shma korxona tuzgani haqida xabar berilgandi. Bokuda joylashgan kompaniyaning bosh direktori Ozarbayjon Energetika vazirligi va SOCAR kompaniyasining sobiq xodimi Farhod Mammadov bo‘ldi.