O‘zbekistonda onlayn ta’lim bozori jadal rivojlanmoqda. 2024-yilda uning hajmi kamida 126 mlrd so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 94% ga ko‘pdir, deyiladi Smart Ranking yangi reytingida. Spot tadqiqot natijalarini, shuningdek, edtech-sanoati vakillarining asosiy jihatlar bo‘yicha fikrlarini e’lon qiladi.

Bozorning asosini 35 ta eng yirik edtech kompaniyalari tashkil etadi, ularning umumiy daromadi 118 milliard so‘mni tashkil etdi. Bozor ham mahalliy o‘yinchilar, ham Rossiya va Qozog‘istondan kelganlar hisobiga rivojlanmoqda.

Kim yetakchilik qilmoqda?

Reytingda birinchi o‘rinni Rossiyaning Lerna platformasi (Skillbox xoldingi tarkibiga kiradi) egalladi. O‘zbekistonda uning daromadi 28 mlrd so‘mni tashkil etdi — bu 2023-yilga nisbatan 22% ga ko‘pdir. Lerna bosh direktori Dmitriy Gavdurning so‘zlariga ko‘ra, asosiy talab IT-mutaxassislarining yetishmasligi va korporativ ta’limga qiziqishning ortib borayotgani tufayli shakllanmoqda.

Asosiy IT kurslariga talab pasayib borayotgan Rossiyadan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda boshlovchilar uchun dasturlarga talab yuqoriligicha qolmoqda. Eng mashhur yo‘nalishlar qatoriga Python va Frontend-dasturlash, sinovdan o‘tkazish, dizayn, marketing hamda marketpleyslar bilan ishlash kiradi.

Ikkinchi o‘rinni O‘zbekistonnig Mohirdev startapi egalladi, u daromadini deyarli 4 barobarga oshirib, 14,7 mlrd so‘mga yetkazdi. Platforma 2021-yildan beri ishlaydi va Pulse Group ($500 ming) va AloqaVentures jamg‘armasidan ($250 ming) investitsiyalarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan. 2024-yilda startap, shuningdek, Startup Battle Connected tanlovida $10 ming qo‘lga kiritgan.

Uchinchi o‘rin 2022-yilda ishga tushirilgan “Leader School” onlayn maktabiga nasib etdi. o‘tgan yilda uning daromadi 6 barobarga oshib, 12,3 mlrd so‘mga yetdi.

skillbox, ta'lim, texnologiyalar, onlayn ta'lim, masofaviy ta'lim, smart ranking

Eng tez rivojlanayotgan loyihalar qatorida:

  • Prep.uz — imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish platformasi (+4400%);
  • Qalan.kz — Qozog‘iston matematika trenajyori (+2600%);
  • NextGen Academy (Bangladesh) — xalqaro IT-maktab (+2500%).

Segment yetakchilari:

  • QKT va biznes-ta'lim eng yirik yo‘nalish bo‘lib qolmoqda — 47,7 mlrd so‘m (bozorning 57%);
  • Bolalar onlayn ta’limi eng jadal o‘sishni ko‘rsatdi — bir yilda 109,5% ga, 33,6 mlrd so‘mgacha;
  • Platformalarni ishlab chiqish 31,3 mlrd so‘m bilan bozorning 27%ini egalladi;
  • Xorijiy tillar — 5,4 mlrd so‘m.

2024-yilda O‘zbekistonda onlayn ta’lim bozoridagi daromadlar tarkibi o‘tgan yilga nisbatan o‘zgardi. Qo‘shimcha kasbiy ta’lim (QKT) eng yirik segment bo‘lib qoldi, biroq uning ulushi 2023-yildagi 50% dan 2024-yilda 40% gacha kamaydi.

Bolalar ta’limi o‘z o‘rnini keskin oshirdi — 4% dan 28% gacha va ikkinchi yirik segmentga aylandi. Platformalarni ishlab chiqish hamda yechimlar 41% dan 27% ga tushib, bozorning bir qismini bolalar ta’limiga bo‘shatib berdi. Xorijiy tillarni o‘rganish o‘z ulushini saqlab qoldi — 5%.

Shunday qilib, asosiy o‘sish bolalar ta’limiga to‘g‘ri keldi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va platformalar esa umumiy daromaddagi o‘z ulushining bir qismini yo‘qotdi.

skillbox, ta'lim, texnologiyalar, onlayn ta'lim, masofaviy ta'lim, smart ranking

Asosiy trendlar

Asosiy trendlardan biri bolalar ta’limining jadal rivojlanishi bo‘ldi. Ota-onalarning dasturlash va raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatishga qiziqishi ortib borayotgani sababli maktab o‘quvchilari va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun kurslarga bo‘lgan talab keskin oshdi. Bu yo‘nalish daromad hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi va o‘sish sur’atlari bo‘yicha boshqa segmentlardan oldinda.

Ikkinchi muhim trend — investitsiyalarning ko‘payishi: edtech ketma-ket ikkinchi yil venchur bitimlari soni bo‘yicha yetakchilar qatoriga kirdi, bunga texnoparklar, soliq imtiyozlari va akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish orqali davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yordam beradi. Mohirdev va Osnova kabi O‘zbekistonning yetakchi platformalari muntazam ravishda mahalliy biznes farishtalari va venchur fondlaridan investitsiyalar jalb qiladi.

O‘zbekiston bozorining yana bir xususiyati — onlayn kurslar uchun asosiy platforma sifatida Telegram’dan ommaviy foydalanish. Mamlakat aholisining 70% dan ortig‘i foydalanadigan messenjer nafaqat muloqot qilish, balki mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ham qulay vositaga aylandi: u orqali darslar o‘tiladi, topshiriqlar va hatto testlar yuboriladi. Ushbu yechim maxsus ta’lim platformalarini qiyinchilik bilan o‘zlashtirayotgan foydalanuvchilar uchun raqamli to‘siqni yengib o‘tishga yordam beradi.

“Edtech'da Telegram’dan faol foydalanish O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos xususiyatidir. Messenjer uzoq vaqtdan beri O‘zbekiston aholisi orasida mashhur bo‘lib, kommunikatsiya va kontent iste’molining asosiy kanallaridan biri hisoblanadi”, — deya tasdiqladi tadqiqot hamkori bo‘lgan Gafurov, Kardash & Partners konsalting kompaniyasi hammuassisi Aleksandr Kardash.

Bozor chet el kompaniyalarining kengayishi hisobiga ham o‘sib bormoqda. Daromad bo‘yicha yetakchilik Rossiya platformalari, ayniqsa Lerna, shuningdek, Qozog‘istonning Qalan kabi o‘yinchilarida qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, mahalliy loyihalarning ulushi hamon yetakchilikni saqlab turibdi — ular umumiy daromadning 50%idan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda.

Edtech’da “Tanish-bilish”

Smart Rating ekspertlarining ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi foydalanuvchilarning aksariyati o‘zlariga “tanish narsani tanlash"ni afzal ko‘radilar.

Mamlakatda ta’lim kurslari ko‘pincha Telegram’da o‘qitadigan mashhur shaxslar, blogerlar orqali sotiladi. Bu bir necha omillar bilan bog‘liq. Birinchidan, raqamlashtirishning o‘sishiga qaramay, ko‘plab foydalanuvchilar ongida ta’lim — bu albatta sinf, o‘qituvchi va shaxsiy aloqa bilan oflayn jarayon, degan tushuncha saqlanib qolmoqda. Ikkinchidan, madaniy xususiyatlar katta rol o‘ynaydi: O‘zbekistonda shaxsiy munosabatlarga ko‘proq ahamiyat beriladi.

Biznes ko‘pincha tavsiyalar va ishonchli aloqalar orqali quriladi, mashhur blogerlar esa “o‘ziniki” sifatida qabul qilinadi — odamlarga notanish brendlarga qaraganda tanishlarga ishonish osonroq. O‘qituvchi professional bo‘lsa ham, agar u notanish bo‘lsa, uni keng auditoriyaga sotish qiyinroq.

Osnova professional ta’lim platformasi vakillarining ta’kidlashicha, o‘zbek tilida ta’lim olishga talab bor. “Keyslar va mahalliy misollar auditoriyani jalb qilish va ishonish uchun muhimdir. Bundan tashqari, foydalanuvchilar teskari aloqaga ega bo‘lgan aralash formatlarni afzal ko‘rishadi”, — dedi kompaniya vakili.

Rivojlanish yo‘lidagi to‘siqlar

Ijobiy dinamikaga qaramay, bozorda muammolar saqlanib qolmoqda:

  • onlayn ta’limga ishonchsizlik va davlat diplomlarini afzal ko‘rish;
  • foydalanuvchilarda IT-ko‘nikmalarning zaifligi;
  • past to‘lov qobiliyati — kurslar qiymati 12 mln so‘mgacha bo‘lganda, o‘rtacha daromad oyiga taxminan 2,1 mln so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, o‘qish uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati hozircha cheklangan. Bu kurslarni sotib olishni qiyinlashtiradi va talabning o‘sishiga to‘sqinlik qiladi.

“Hozir bunday imkoniyat bor, biroq to‘lov-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lashni ma’qullash qat’iylashtirildi. Bu odamlarning kurslarni sotib olishni istamasligiga sabab bo‘ldi, natijada qo‘shimcha kasbiy ta’lim segmenti 2024-yilda to‘xtab qoldi”, — dedi o‘zbek startapi Digital Camp IT-Academy va Coddy Camp IT Academy hammuassisi Fuzayl Zoirov.

Nimalar kutilmoqda?

Smart Rating ekspertlari va bozor o‘yinchilari yangi odatlar shakllanib, tobora ko‘proq o‘zbekistonliklar onlayn muhitga moslashadigan yaqin 1−2 yil ichida keskin o‘sishni prognoz qilmoqda. Buning sababi, internetdan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda, IT sohasi rivojlanmoqda, frilanserlar va masofaviy ishlovchi xodimlar ko‘paymoqda. Foydalanuvchilar onlayn formatlarni o‘zlashtirib, yangi iste’mol ko‘nikmalarini shakllantirmoqda, Bu esa, o‘z navbatida, raqamli ta’limga bo‘lgan qiziqishni rag‘batlantirmoqda.

Ota-onalar bolalarining qo‘shimcha ta’limiga ularning yaxshiroq karyera istiqbollarini ta’minlash manbai sifatida faol sarmoya kiritishda davom etmoqda. Buning natijasida korporativ ta’limga qiziqish ortib bormoqda: kompaniyalar o‘z xodimlarining malakasini oshirishga sarmoya kiritishga tayyor.

“O‘zbekiston boshqa tez o‘sib borayotgan edtech bozorlari trayektoriyasidan bormoqda. O‘sish tez bo‘ladi — qisman past baza effekti hisobiga”, — deya xulosa qiladi Aleksandr Kardash.

O‘zbekiston aholisi ham ta’limga sarmoya kiritishda davom etmoqda: Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi choragida ta’lim xarajatlari 7,6% ga o‘sib, 8,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Qo‘shimcha o‘sish yirik xorijiy o‘yinchilarning bozorga kirishi va mahalliy startaplarning kengayishini ta’minlaydi. Edtech faol rivojlanadigan istiqbolli yo‘nalishlar orasida sun’iy intellekt ta’limi, GreenTech, o‘yinlarni ishlab chiqish va fintex-ta'limi bor. IT Park’da ta’kidlanishicha, edtech allaqachon eng talabgir yo‘nalishlar qatoriga kiradi.