Kaliforniyadagi hakamlar sudi Google kompaniyasini Android foydalanuvchilarining ma’lumotlarini noqonuniy to‘plash bo‘yicha da’volar asosida tovon to‘lashga majbur qildi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
Da’vogarlar Google’ni Android tizimli smartfonlarni, qurilmalar Wi-Fi'ga ulanmagan holda ham, mijozlar ma’lumotlarini o‘z serverlariga uzatadigan qilib dasturlashtirgani uchun ayblashdi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning bu harakatlari foydalanuvchilar to‘lagan mobil trafik paketlarini sarflashga olib kelgan.
Google to‘plangan ma’lumotlardan o‘z korporativ manfaatlari yo‘lida foydalangan — targetingni takomillashtirish va xaritalash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qo‘llagan.
Kompaniya qarorga rozi emasligini va uni apellyatsiya qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, Google bunday ma’lumotlarni to‘plash ma’nosini iste’molchilar “noto‘g‘ri” tushunayotganini tushuntirdi.
Bu ma’lumotlar Android asosidagi “milliardlab qurilmalar"ning samaradorligini ta’minlash uchun zarur ekan. Foydalanuvchilar esa bu ma’lumotlarni uzatishga rozilik berishadi.
Avvalroq Spot Buyuk Britaniyada Google’ga qarshi qariyb $7 mlrdlik jamoaviy da’vo qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
Da’vo arizasiga ko‘ra, Google umumiy qidiruv va qidiruv reklamalari bozoridagi ustunligidan foydalanib, reklama beruvchilardan yuqori narxlarni oladi.