Apple iPhone 16 Pro‘da ishlaydigan A18 Pro chipiga ega arzon MacBook’ni ishlab chiqaradi. Bu ma’lumotni insayder Ming-Chi Kuo o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi blogida e’lon qildi.

Kuoning aytishicha, yangi MacBook’larni ishlab chiqarish joriy yil qishda yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yilda yetkazib berish hajmi 5−7 mln donani tashkil etishi kutilmoqda.

Qurilma 13 dyuymli ekran bilan jihozlanadi va to‘rt xil rangda — kumushrang, ko‘k, pushti va sariq ranglarda taqdim etiladi.

Arzon qurilmani ishlab chiqishda MacBook Pro uchun korpuslarni yetkazib beruvchi Everwin Precision kompaniyasi asosiy hamkor bo‘ladi.

Mutaxassislar yangi qurilmani ijobiy baholamoqdalar — test natijalariga ko‘ra, A18 Pro chipi Mac mini’dagi M4'dan ozgina orqada qolmoqda.

9to5Mac'ning fikricha, oddiy MacBook foydalanuvchisi unumdorlikdagi farqni sezmay qolishi mumkin. Mutaxassislar A18 Pro‘ni hali ham dolzarb bo‘lib turgan 2020-yilgi M1 bilan taqqoslashdi.


Avvalroq Spot Apple 2027-yilda iPhone’ning ramkasiz dizayniga o‘tishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Yangi dizayndagi iPhone modellarida Dynamic Island o‘lchami kichrayadi, Apple esa uni turkumning 20 yilligiga taqdim etadi.