1-iyuldan MyGov mobil ilovasida raqamli servislar ishga tushirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda fuqarolar o‘ndan ortiq hujjatlarning elektron nusxalarini asl — qog‘oz shaklining o‘rniga foydalanishlari mumkin. Bular qatorida pasport va ID-karta, diplom, haydovchilik guvohnomasi kabilar bor.

Bu turdagi raqamli hujjatlar banklar, notarial idoralar, ichki aviareyslar va poyezd qatnovi, davlat va korporativ xizmat ko‘rsatish jarayonlari va boshqa holatlarda qabul qilinadi.

Vazirlik noto‘g‘ri talqinlarning oldini olish maqsadida fuqarolarni e’tiborli bo‘lishga hamda rasmiy MyGov ilovasidan foydalanishga chaqirdi. Ilovaga esa, fuqaro faqat o‘z telefoni orqali kirishi kerak.

Undan keyin, shaxsiy kabinetdan kerakli hujjatni tanlash zarur, ekranda uning raqamli shakli va haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod paydo bo‘ladi. Tashkilotlar bu QR-kodni “MyScan” funksiyasi orqali skanerlab, raqamli hujjatni tekshiradi. Paydo bo‘lgan ma’lumotlar fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari bilan solishtiriladi.

yagona portal, mygov, davlat xizmatlari, raqamlashtirish, id-karta

Foto: Gazeta

Boshqa shaxs tomonidan yoki o‘zga manbalardagi ma’lumotlar hamda hujjatlarning rasmlari, nusxalari qabul qilinmaydi. Raqamli servislar esa asl qog‘oz hujjatlari asosida shakllantiriladi.

Hukumatning 2024-yil oxirida qabul qilingan tegishli qarori bilan Yagona portal va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi 17 turdagi hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etilishi belgilangandi. Bu ro‘yxatda quyidagi hujjatlar mavjud:

  • Biometrik pasport;
  • ID-karta;
  • Haydovchilik guvohnomasi;
  • Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
  • Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma;
  • Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
  • Avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
  • Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
  • Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID-kartasi);
  • Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Avtomobilning majburiy sug‘urtasi (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
  • Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risidagi rasmiy hujjat;
  • Talabalik guvohnomasi;
  • YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • Turar joy obyektlarining kadastr pasporti;
  • Avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.

Banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida ularning qog‘oz nusxalari talab etilmaydi. Davlat, korporativ va boshqa xizmatlar, jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ularni so‘rashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolar ichki aviaparvozlar uchun aeroportda ro‘yxatdan o‘tishda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron variantidan foydalanishlari mumkin bo‘ldi. Buning uchun Yagona portal sayti yoki mobil ilovasi, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasidagi shaxsiy kabinetga kirib, shaxsiy ma’lumotlar sahifasiga o‘tish hamda elektron shaklda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tish joyidagi xodimga ko‘rsatish kerak.

Biroq, YHXX matbuot xizmati avtomobil haydovchilaridan yo‘l-patrul xizmati xodimlariga tegishli hujjatlarning asl nusxasini taqdim etish talabi o‘z kuchida qolishini ma’lum qildi. Ularning elektron nusxalaridan ma’muriy amaliyot markazlari, ro‘yxatga olish hamda imtihon bo‘limlarida foydalanish mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. U orqali sun’iy intellekt sohasidagi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni bepul o‘zlashtirish mumkin.