Avvalroq 1-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiyalar sohasidagi rejalar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston sun’iy intellekt uchun infratuzilmani rivojlantirishga $50 mln yo‘naltiradi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida har oyda kamida 30 ta xorijiy kapital ishtirokidagi IT-kompaniyalar mamlakatda o‘z ofislarini ochayotganini ma’lum qildi. Natijada IT-xizmatlar eksporti hajmi oshmoqda.

“Biz 2028-yilgacha eksport hajmini $1 mlrdga yetkazishni rejalashtirgan edik. Qo‘llab-quvvatlash va yuqori o‘sish sur’atlari tufayli joriy yilning o‘zida IT-xizmatlar eksporti $1 milliard dollardan oshishini kutmoqdamiz,” — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha elektron davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga o‘tkazish va ularning ro‘yxatini kengaytirish topshirildi. Maqsad — barcha xizmatlarning kamida 70%i bitta platformada mavjudligini ta’minlash.

davlat xizmatlari, sherzod shermatov, texnologiyalar, mobil ilova, raqamlashtirish, raqamli texnologiyalar vazirligi

Davlat xizmatlarini tashqi mobil ilovalarga, jumladan, bank va to‘lov ilovalariga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi. O‘tgan yili Raqamli texnologiyalar vazirligi bunday platformalar orqali bepul davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha tajribani ishga tushirdi.

“Bugun prezident ularga [tashqi ilovalarga] pullik davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini berishni topshirdi. Bu ilovalarning mijozlari ularning interfeysida ishlashga odatlangan. Bu foydalanuvchilarga uchinchi tomon platformalari orqali pullik davlat xizmatlarini olishda qo‘shimcha qulayliklar yaratadi”, — dedi Sherzod Shermatov.

Biroq, buning uchun davlat organlari tomonidan ichki jarayonlarni raqamlashtirish maqsadida yangi axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha “jiddiy ishlar” olib borilishi talab etiladi. Hukumatga davlat organlarini raqamlashtirish loyihalarini jadallashtirish va Yagona portal orqali davlat xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirish bo‘yicha prezident qarori loyihasini takomillashtirish vazifasi yuklatildi.

2024-yil noyabr oyida Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos vazirlik alohida superapp yaratish g‘oyasidan voz kechib, davlat xizmatlarini barchaga ma’lum bo‘lgan xizmatlarga integratsiya qilish tarafdori ekanini qayd etgandi.

Hozirda ilovalarda 10−12 ta davlat xizmatlari mavjud, ammo bu ro‘yxat kengayishda davom etadi. Xususiy sektor va bank platformalari bilan integratsiyani rivojlantirish alohida ehtiyotkorlikni talab qiladi, degandi u.

“Bepul xizmatlar allaqachon o‘tkazib bo‘lindi. Hozirda pullik xizmatlarni faol ravishda o‘tkazmoqdamiz, barcha to‘lov xizmatlari, vositalari va ilovalar bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Bu imkoniyat barcha banklar va telekommunikatsiya xizmatlari operatorlari uchun mavjud”, — deya ta’kidladi Pekos.

Biroq, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosarining aniqlik kiritishicha, shaxsiy ishtirokni talab qiladigan davlat xizmatlari bundan mustasno. Masalan, ilovalar orqali tonirovka uchun to‘lovni amalga oshirish mumkin, ammo barmoq izlarini topshirish zarurati tufayli ID-kartani olish imkonsiz.

Avvalroq MyGov ilovasida ayrim hujjatlarning elektron shakllari joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Ularni banklar, notarial idoralar, ichki avia hamda temir yo‘l qatnovlarida, shuningdek, davlat va korporativ xizmatlardan foydalanishda qog‘oz shaklining o‘rniga taqdim etish mumkin.