AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi, shuningdek, Turkiyada bodom hosili yetishmovchiligi xavfi tufayli dunyoda bodomga bo‘lgan talabning ortib borayotgani tashqi va ichki bozorda o‘zbek bodomi narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi, deb yozadi EastFruit.

Joriy yilning mart oyi boshida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi Amerikaning yong‘oq yetishtirish bo‘yicha asosiy mintaqasi bo‘lgan Kaliforniya qishloq xo‘jaligiga ta’sir qilgan.

AQSh Xitoy tovarlariga bojlarni oshirganidan so‘ng, Xitoy bunga javoban Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga 15%lik boj o‘rnatdi. Bu, ayniqsa, Xitoy eksport yo‘nalishlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan jahon bozoriga bodom yetkazib beruvchi Kaliforniya uchun juda muhimdir.

Xitoylik bodom importchilari ushbu mahsulotning boshqa yetkazib beruvchilariga e’tibor qaratishgan. Ammo, joriy mavsumda jahon bodom bozoridagi vaziyat yanada murakkablashmoqda.

Bunga sabab, bodom ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egallab turgan, eng yirik ishlab chiqaruvchi va eksportchilardan biri hisoblangan Turkiyada bahorgi sovuqlar tufayli bodom hosilining kam bo‘lishi kutilayotganidir.

Ushbu voqealar fonida o‘zbek bodomiga bo‘lgan talab keskin ko‘tarildi, bu esa mamlakat ichki bozoridagi narxlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Xususan, so‘nggi 2−2,5 oy ichida mahalliy navli bodom mag‘zining o‘tgan yilgi hosilining ulgurji narxlari qariyb ikki baravarga oshdi — kilogrammi 65−70 ming so‘mdan ($5−5,4) 120−130 ming so‘mgacha ($9,5−10,2) ko‘tarildi.

O‘zbekistonlik eksportchilarning aytishicha, hozirda mamlakatning ichki bozorida eksport qilish uchun mavjud bo‘lgan bu mahsulot hajmi juda kam va yirik partiyalarni shakllantirish murakkab vazifa hisoblanmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan yilgi hosildan olingan “Kaliforniya navlari” deb ataladigan bodom mag‘zining ulgurji narxlari mazkur davrda 2,6 barobar oshdi: 45 ming — 50 ming so‘m/kg ($3,5 — 3,9)dan 120 ming — 130 ming so‘m/kg ($9,5 — 10,2)gacha ko‘tarildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda mazkur mahsulotning asosiy iste’molchisi qandolatchilik sanoati hisoblanadi, chunki mahalliy aholi orasida bu mahsulotga talab yo‘q.

Shu sababli, Kaliforniya bodom navlari mag‘zining ulgurji narxlari doimo mahalliy bodom navlari mag‘zidan 25−30%ga arzonroq bo‘lib kelgan.

Biroq, hozirgi vaziyat bu tafovutni bartaraf etdi — endi har ikki turdagi mahsulotlar narxi tenglashdi, deya xulosa qiladi EastFruit tahlilchilari.


Avvalroq Spot O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti ketma-ket to‘rtinchi yil pasayishda davom etgani haqida yozgandi.

Birgina joriy yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23%ga kamaygan.