Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida qiymati 73 mlrd so‘mdan ortiq turizm zonasi quriladi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.
Hududdagi Oqchako‘l bo‘yida Zarbdor tajribasi bo‘yicha umumiy 73,4 mlrd so‘m mablag‘ asosida turizm rekreatsion zonasini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida ko‘l bo‘yiga to‘liq infratuzilma bilan ta’minlash orqali 3 ta mehmonxona, 18 ta mehmon uyi tashkil etiladi.
Shuningdek, 20 ta o‘tovlar, 2 ta restoran kabi turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashtiriladi.
Qayd etilishicha, loyihani ishga tushirish joriy yil dekabr oyiga rejalashtirilgan bo‘lib, 75 ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
2023-yilda Qoraqalpog‘istonda Germaniya bilan turizmni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.
Unda 2026-yilgacha xorijiy turistlar sonini 180 mingga, mahalliy turistlar sonini esa 1 mlnga, turizm eksportini $60 mlnga yetkazish belgilangan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtirilishini qayd etgandi.
Davlat rahbari 2022-yilda Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi. Natijada yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Buning uchun uzunligi 465 kilometr bo‘lgan Buxoro-Urganch-Xiva va uzunligi 196 kilometr bo‘lgan Miskin-Nukus temir yo‘l liniyalari elektrlashtiriladi. Loyihaga $460 mln yo‘naltirilishi belgilangan.
Bu liniya ishga tushirilgach, “Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva” an’anaviy turistik zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shiladi va xorijiy va mahalliy sayyohlarning 4−5 kungacha bo‘lishini ta’minlash, turistik xizmatlar eksportini $100 mlnga yetkazish imkoniyati yaratiladi.