CBS News’ning bosh kompaniyasi Paramount Global o‘tgan kuzda “60 daqiqa” ko‘rsatuvining reportaji tufayli prezident Donald Tramp tomonidan kiritilgan favqulodda da’voni hal qilish uchun $16 mln to‘lashga rozilik berdi. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.

Paramount seshanba kuni kechqurun uzoq kutilgan va juda bahsli bo‘lgan kompensatsiya to‘lovini e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, $16 mlnlik summa “da'vogarlarning gonorar va xarajatlarini o‘z ichiga oladi” va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Trampga emas, balki Trampning kelajakdagi prezidentlik kutubxonasiga yo‘naltiriladi.

O‘tgan yil noyabr oyida AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan Tramp CBS News telekanaliga qarshi $10 mlrdlik da’vo arizasini sudga topshirdi. U telekanalni raqibi Kamala Harris bilan bo‘lgan suhbatning tahrirlanmagan versiyasini e’lon qilishni rad etgani uchun saylovlarga aralashganlikda aybladi.

Keyinchalik Tramp talab qilinayotgan summani $20 mlrdgacha oshirdi. Iyun oyi oxirida The Wall Street Journal gazetasi o‘z manbalariga tayanib, vositachi da’voni $20 mlnga kelishish orqali hal etishni taklif qilgani haqida xabar berdi.

“Kelishuvda kechirim so‘rash yoki afsuslanish bayonoti yo‘q”, — deb aniqlik kiritdi Paramount.

Biroq, bu CBS uchun sharmandali voqea bo‘lib qolmoqda, chunki huquqshunoslar Trampning da’vosi jiddiy emasligini va CBS sudda kurashib, g‘alaba qozonishi uchun yetarli asoslari borligini ta’kidlamoqdalar.

“Bu „60 daqiqa“ ko‘rsatuvi, CBS News va umuman jurnalistika uchun juda achinarli holat”, deya CBS News xodimi CNN telekanaliga ism-familiyasini oshkor qilmaslik sharti bilan izoh berdi.


Avvalroq Donald Tramp AQShda TikTok’ni “boy odamlar” guruhi sotib olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Trampning qayd etishicha, TikTok uchun xaridor topilgan bo‘lib, kelgusi ikki hafta ichida ularning tarkibi oshkor qilinadi.